Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Umrini ilmga bag‘ishlagan olim
11:28 / 2024-01-30

Har bir mamlakatning, jamiyatning taraqqiyoti ilm-fan rivojiga bevosita bog‘liq. Ilmga va uni o‘rganishga qaratilayotgan e’tibor o‘sha davlatning ertangi kunini belgilab beradi. Har qanday mashaqqatli yo‘l katta va nurli manzilga olib chiqsa, inson ko‘zlagan manziliga yetsa, bu yo‘lda chekilgan qiyinchiliklar juda totli bo‘ladi. Ilm yo‘li ana shunday zahmatli, lekin natijasi arzirli, savobli, samaralidir. Bu yo‘ldan yurgan har bir inson butun bir jamiyatga, uning taraqqiyoti va takomiliga o‘z hissasini qo‘shib borarkan, o‘zi ham  ziyoga, nurga yo‘g‘riladi.

Darhaqiqat, ilm o‘rganuvchi barchaga kerakli inson bo‘lib, undan atrofdagilarga hamisha manfaat yetadi. Zero, ilm — aql nuridir. U insonlarni borliqni his etish, voqelikni idrok etish, ma’naviy va moddiy olamni anglashga, tafakkurini shakllantirishga undaydi. Ilm yashash chirog‘idir. U insonlarga baxt keltiradi, yorug‘likka chorlaydi, jaholatdan yiroqlashtiradi. 

Rahmatilla Barakayev ham mashaqqatli ilm yo‘lidan odimlayotgan, yuzlab shogirdlarni o‘z ortidan ilm cho‘qqilari sari yetaklayotgan yetuk olimlardan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Olimlik, ilm yo‘li oson emas. Ushbu yo‘ldan yurmoq istagida bo‘lganlar ko‘p, ammo bu mashaqqatli yo‘lning oxiriga hamma ham yetavermaydi. Haqiqiy olimlik martabasiga erishmoq uchun juda ko‘p mashaqqat chekmoq, izlanmoq, mehnat qilmoq lozim. Shuning uchun ham olimlar haqida gapirayotganimizda, ularga chuqur hurmat, ehtirom ko‘rsatmog‘imiz darkor. 

Professor Rahmatilla Barakayev  keyingi qirq yildan ortiq vaqt davomida Toshkentda yashab, oddiy o‘qituvchilikdan, filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti, folklori instituti professori   darajasigacha bo‘lgan ilmiy va hayot yo‘lini bosib o‘tdi. Ushbu zahmatkash olimning hayot yo‘li bugungi yosh olimlar uchun ibratdir.

Rahmatilla Barakayev Buxoro viloyatining Vobkent tumanida 1954 yilning 1 fevralida tavallud topgan. Uning yoshlik yillari qadimiy Vobkent tumanida  o‘tdi. Bo‘lajak olim Vobkent tumanidagi umumiy  o‘rta ta’lim maktabida tahsil olib, ushbu maktabni 1971 yilda tugatadi. Uning dastlabki xabarlari viloyat va tuman gazetalarida o‘quvchilik davrlaridayoq e’lon qilingan. O‘rta maktabni muvaffaqiyatli tamomlagan R.Barakayev 1971-1975 yillarda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining o‘zbek tili va adabiyoti bo‘limida tahsil oldi. Hamda shu dargohda O‘tkir Rashid, G‘ani Abdurahmonov, Mazluma Asqarova, Natan Mallayev, Said Usmonov, Hamid Sulaymonov, To‘xta Boboyev kabi mashhur adabiyotshunos va tilshunos olimlarning ta’limidan bahramand bo‘ldi. 

R.Barakayev tilshunoslik va adabiyotshunoslik masalalariga talabalik yillaridayoq katta qiziqish bilan qaradi. U Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti talabalarining har yili o‘tkaziladigan an’anaviy ilmiy anjumanlarida bolalar adabiyoti, uning badiiyati muammolariga oid qiziqarli ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.  1975 yilda institutni tugatgach,  bolaligi o‘tgan Vobkent tumanidagi  1-sonli maktabda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi sifatida o‘z faoliyatini boshladi. 1975-1977 yillarda o‘quvchilarga ona tili va adabiyoti fanining mo‘’jizaviy qudratini anglashga, bu fanlarning ko‘ngilga yaqin qudratini tushuntirishga harakat qildi va o‘quvchilarining sevimli ustoziga aylandi.  Qisqa ikki yil R.Barakayev uchun tanlangan kasbiga sadoqat, muhabbat bilan qarash, bolalar qalbiga yo‘l topish uchun  izlanishlar olib borish, matbuotlarda faol chiqishlar qilish, qalamning charxlanishi, tezkorlik, hozirjavoblik xislatlarini egallashi uchun o‘ziga xos maktab bo‘ldi. O‘zining faoliyatini ta’lim jarayonidan uzoqlashtirmagan R.Barakayev 1977-1978 yillarda shu maktabning direktor o‘rinbosari, 1978-1980 yillarda Vobkent tumani xalq ta’limi bo‘limi bosh metodisti lavozimlarida ishladi. 

R.Barakayev alohida jo‘shqinlik bilan pedagogik faoliyatini ona tili va adabiyoti  fanlaridan yuksak saviyada saboq berish, jamoat topshiriqlarini a’lo darajada bajarish bilan birga ilmiy-tadqiqot ishlari bilan ham shug‘ullana boshladi. Mana shu qiziqish olimni 1980 yilning oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti, folklori instituti tomon yetakladi.

Kamolotga erishmoqchi bo‘lgan olimning ehtiyoji shu darajaga ko‘tariladiki, bu shaxsiy ehtiyoj ijtimoiy zarurat, jamiyat rivoji shartlari bilan uyg‘unlashadi.  R.Barakayevning ilmiy faoliyatini kuzatar ekanmiz yuqoridagi qaydlar aynan shunga mos ekanligini his qilish mumkin.  Sababi bunday olimlar jamiyat ehtiyojlarini o‘z ehtiyojlari deb biladi va uni qondirishga intiladi. R.Barakayev ilmiy maqolalari, izlanishlarini o‘rganar ekanmiz olimning ishqi filologiya faniga, badiiy adabiyot, xususan, bolalar adabiyoti sohasiga tushganligidan darak beradi. 

Olim 1994 yildan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti, folklori instituti ilmiy kotibi, 2018 yildan institutning “XX asr o‘zbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon” bo‘limi mudiri, 2021 yildan ushbu bo‘limning katta ilmiy xodimi lavozimlarida mazmunli, samarali faoliyat yuritdi. Mohir adabiyotshunos olim R.Barakayev ―1994 yilda “O‘zbek bolalar adabiyoti va Abdulla Avloniy ijodi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Bu dissertatsiyada o‘zbek filologiyasi fanida ilk bor o‘zbek bolalar adabiyoti tarixi va hozirgi o‘zbek bolalar adabiyotining taraqqiyot tamoyillari maxsus monografik aspektda tahlil etilgan. O‘zining izlanishlari bilan olim bolalar adabiyoti, adabiy aloqalar, tarjima tarixi va nazariyasiga salmoqli, munosib hissa qo‘sha oldi.  Olimning  ilmiy faoliyatida  o‘zbek bolalar adabiyotining paydo bo‘lishi, shakllanishi va taraqqiyoti muammolari alohida tahlil etilib umumlashtirilgan.  Bu esa XX asr va istiqlol davri she’riyatining takomil jihatdan o‘ziga xos xususiyatlarini ko‘rsatishga xizmat qilgan. 

Serg‘ayrat olim o‘zining bu sohadagi ilmiy izlanishlarini yanada davom ettirib, keyinchalik Abdulla Avloniy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, G‘afur G‘ulom, Zafar    Diyor, Quddus Muhammadiy, Qudrat Hikmat, Safar Barnoyev, Tursunboy Adashboyev, Anvar Obidjon singari shoirlar ijodining o‘zbek bolalar she’riyatidagi o‘rni va maqomini ko‘rsatishga  erishdi. Bu ishlar ilmiy jamoatchilik tomonidan yuksak baholandi. R.Barakayevning adabiyotshunoslik, xususan, bolalar adabiyotining umumnazariy muammolariga doir o‘quv qo‘llanmalari, dasturlar, uslubiy tavsiyalar yaratish sohasidagi faoliyati ham g‘oyat ibratlidir. 

Olimning o‘zi va  safdoshlari bilan hamkorlikda e’lon qilgan tadqiqotlardagi natijalar xalq ta’limi va oliy ta’lim jarayoniga joriy etilgan. XX asr o‘zbek tarjimachiligi tarixi, adabiy aloqalar va bolalar adabiyoti bo‘yicha bir qator ilmiy maqolalari,  “Bolalar adabiyoti tarixi”,  “XX asr bolalar adabiyoti va istiqlol davri bolalar adabiyoti” mavzusidagi nashrlari, adabiy aloqalar, tarjimashunoslik muammolariga bag‘ishlangan “Jonajonim she’riyat”, “O‘zbek bolalar adabiyoti va Abdulla Avloniy ijodi”, monografiya va kitoblari, shuningdek, hammualliflikda yaratilgan “Toshkent shoirlari” kitobi, “Tursunboy Adashboyev fenomeniga bir nazar” , “Badiiy tasvir mahorati” monografiyalari, oliy o‘quv yurtlari uchun “Bolalar adabiyoti” o‘quv qo‘llanmasi va darsligi, qolaversa,  mumtoz adabiyot namunalarini bolalarga moslashtirilgan lug‘at, izoh va sharhlar bilan birga nashrga tayyorlangan “Bobolardan bolalarga”, “Ubayd Zakoniyning “Mushuk bilan sichqon” qissasi, Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Aql chirog‘i”, Abdulla Avloniyning “Muxtasar tarixi anbiyo va tarixi islom” kitoblari, “Navoiy gulshaniga sayohat” test  savollari to‘plami kitoblari hamda respublika va xorijda  chop etilgan 260 dan ortiq ilmiy va ilmiy-ommabop maqolalari shular jumlasidandir. 

Til va adabiyot insonning birlamchi ehtiyoji, anglash, bilish, so‘zlash, aloqa-munosabat vositasi, mansub-xoslik omili bo‘lgani bois hamisha jamiyat ravnaqining asosiy mezonlaridan bo‘lib kelgan. Jumladan, o‘zbek tili va adabiyoti o‘zbek millatining uzoq tarixiy ildizlariga, o‘z siyosiy-huquqiy asoslariga ega muqaddas qadriyati, ulkan ma’naviy yutug‘idir. Professor R.Barakayevning nafaqat izlanuvchan olim, balki fidoyi fan va ta’lim tashkilotchisi ekanligi uning 1975 yillardan boshlangan faoliyatida  yaqqol namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, olim o‘zi faoliyat yuritgan institutda 1994 yildan institut ilmiy kotibi lavozimida ishlagan va bu davrda o‘zbek tilshunosligi va adabiyotshunosligi sohasida yuzlab doktorlik, nomzodlik dissertatsiyalari tayyorlanib himoya qilindi va bunda olimning munosib hissasi bor. 

So‘nggi yillarda Rahmatilla Barakayev institutning “XX asr o‘zbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon” bo‘limi mudiri, 2021 yildan mazkur bo‘limning katta ilmiy xodimi sifatida barakali mehnat qilib kelmoqda. Faoliyati davomida professor R.Barakayevning ilmiy rahbarligida 3 ta tadqiqotchi nomzodlik, 3 ta tadqiqotchi filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli  himoya qilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, Rahmatilla Barakayev nafaqat O‘zbekistonning, balki xorijda ham tan olingan  zabardast filolog olim. Olimning ilmiy faoliyati davomida bevosita Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iziston singari qator davlatlarda bo‘lib o‘tgan 30 dan ortiq xalqaro ilmiy anjumanlardagi  ishtiroki fikrimizning yaqqol isboti bo‘la oladi. Aytish mumkinki, R.Barakayev keng qamrovli olim sifatida bugun dunyo bolalar adabiyotida mavjud bo‘lgan tahlillarni  o‘rni bilan qo‘llagan va munosabat bildirgan. Bu mulohazalar uni chinakam yirik nazariyotchi adabiyotshunos olim deyishga asos bo‘la oladi. Olimning ilmiy faoliyati munosib baholangan va professor Rahmatilla Barakayev 2000 yilda  bolalar adabiyoti tadqiqoti va targ‘ibotidagi faoliyati uchun “II darajali Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan. 

Bugun taniqli olim va mohir pedagogni qutlug‘ yoshlari bilan tabriklar ekanmiz, u kishi nafaqat olimlik, balki tom ma’nodagi odamiyligi, yuksak ma’naviy fazilatlari bilan ko‘z oldimizda gavdalanadi. Kamdan-kam uchraydigan tafakkur qobiliyati, zukko va topqirligi, mehnatkashligi bilan barchaga ibrat bo‘la oladigan ustoz faoliyati haqida yozish maroqlidir.

Zahmatkash olim professor R.Barakayev o‘zbek adabiyoti rivojiga hali jiddiy va salmoqli hissa bo‘lib qo‘shiladigan juda ko‘plab ilmiy tadqiqotlar yaratadi, barakali pedagogik faoliyat ko‘rsatadi. Bunday sharafli, mashaqqatli  yo‘lda ustoz Rahmatilla Barakayevga, serqirra olimimizga sog‘lik-omonlik, shijoat, uzoq va yanada mazmunli umr tilab, shogirdlar va farzandlar ardog‘ida yashashlarini tilab qolamiz. 

 

N.Barakayev,

Renessans ta’lim universiteti rektori, 

texnika fanlari doktori, professor

L.Raupova, 

Renessans ta’lim universiteti professori, 

filologiya fanlari doktori