Ammo dunyoga kelib-ketishimiz Yaratganning izmida bo‘lsa-da, peshonaga bitilgan muddatdagi hayotimizni ma’nili o‘tkazish o‘zimizga bog‘liq ekanini bilamizu, biroq unga amal qilishni unutib qo‘yamiz. Chunki serg‘alva olam tashvishlari bunga izn bermaydi.
Albatta, bu savolga hamma ijobiy javob beradi. Ammo dunyoga kelib-ketishimiz Yaratganning izmida bo‘lsa-da, peshonaga bitilgan muddatdagi hayotimizni ma’nili o‘tkazish o‘zimizga bog‘liq ekanini bilamizu, biroq unga amal qilishni unutib qo‘yamiz. Chunki serg‘alva olam tashvishlari bunga izn bermaydi. Shuning uchun sanoqli odamlargina umrining har daqiqasini oqilona hisob-kitob bilan o‘tkazadi va komillikka yaqinlashadi. Chunki bundaylar har bir kunni kichkina umr deb bilishadi.
Hisobli umr deganda biz nimani va qanday tushunishimiz kerak o‘zi? Bu borada maslahat va o‘gitlar allomalar tomonidan istaganingizcha yozib qoldirilgan. Xulosa shuki, faqat maqsad aniq qo‘yilgan umrgina hisobli bo‘ladi. Aks holda, yashash uchungina umr kechiramiz, xolos. Binobarin, Rim faylasufi Seneka «Hayotga kelgan birinchi soatdan umrimiz qisqara boshlaydi» deganda yuz karra haq edi.
Keling, bir eksperiment qilib ko‘raylik. Bir sutkalik hayotimizni tahlil qilaylik. Aytaylik, bir kecha-kunduzda uyquga o‘rtacha 7,5 soat ajratamiz. Tushlikka bir, ertalabki va kechki tanovulga yarim soatdan, jami – 2 soat. Soat 9.00 dan 18.00 gacha ishdan bo‘lamiz. Ertalabki badantarbiya, sayr va yuvinishga bir soat. Televizor ko‘rishga – 3 soat. Gazeta, kitob o‘qishga – 1 soat.
Endi ishdan keyin farzandni maktab yoki bolalar bog‘chasidan olish, to‘y va boshqa tadbirlarda qatnashish, konsert yoki teatrga kirish, hatto xayol surishga ketgan vaqtingizni ham hisoblab chiqing. Keyin esa, imkon va hafsala topganda ish vaqtingiz taqsimoti, bo‘sh vaqtingizdagi tadbirlarni tahlil qiling. Yillar davomida ustozlardan o‘rganishga va shogirdlarga o‘rgatishga, farzandlarga bag‘ishlangan onlarni qiyoslab, o‘rganing, xulosa chiqaring, o‘zingizga baho bering. Negaki umr – Sizniki, hayotligingizdagi har bir lahza faqat Siz uchun qadrli, uning hisob-kitobini yuritish Sizning zimmangizda.
Umrni baholashning yana bir oddiy, oson yo‘li bor, ya’ni o‘z hayotingizni boshqalarniki bilan taqqoslash. Bir o‘rganib ko‘ring, buyuk odamlar sizning yoshingizda nima ishlar qilishga ulgurishgan? Ba’zi ulug‘ yozuvchilar Siz bugun o‘qishga hafsala va vaqt topolmayotgan asarlarini necha yoshda va necha kunda yozishgan. Ular bizga o‘xshab to‘y-ma’rakalarda, tug‘ilgan kun va foydasiz davralarda bo‘lganmikan?
Xullas, bu fikrni istagancha davom ettirish mumkin. Oqil kishi ana shu qiyos orqali o‘z umriga baho bera oladi. Xo‘sh, biz, aniqrog‘i, Siz qachon oqil bo‘lasiz?
Bitigimning oxirida fors shoiri va tarixchisi Abdibek Sheroziyning ushbu fikrini keltiraman: «Kun o‘tganda «o‘tdi» deb beparvo bo‘lma, u umringdan bir hissasi kamayganini bildiradi».