Poytaxtimizda Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasining taqdimot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi raisi Sherzod Sami, mazkur uyushma direktori Mansurjon Rasuljonov mamlakatimizda muqaddas islom dinini o‘rganish, uning arkonlarini emin-erkin ado etish, ajdodlarimizning boy madaniy-ma’naviy merosini tadqiq etish uchun keng imkoniyatlar yaratilganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohining taklifiga binoan joriy yilning 17-18 avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi hamda mazkur tashrif doirasida Umra ziyoratini ham amalga oshirdi.
O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni rahbarlarining uchrashuvlaridan so‘ng joriy yilning 27 sentyabr kuni Saudiyaning Haj va Umra vaziri boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga keldi. Tashrif davomida Haj va Umra safariga boruvchi ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, mamlakatda ilmiy markazlar bilan yaqin hamkorlikni o‘rnatish kabi muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirining Prezidentimiz bilan bo‘lgan suhbatidan so‘ng mamlakatimiz musulmonlari uchun Haj va Umra kvotalari soni ikki baravarga oshirildi.
Saudiyalik yuqori martabali mehmonlar O‘zbekistonda Umra ziyoratlarini tashkil etib kelayotgan bir qator sayyohlik agentliklari mas’ul xodimlari bilan ham uchrashdi. Muzokaralar davomida Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasining tashkil etilishi ikki davlat manfaatlari uchun muhim ekanligi alohida ta’kidlanib, Saudiya Arabistoni Haj va Umra vaziri tomonidan ma’qullandi.
[gallery-9502]
Oxirgi yillarda Umra safarini sayyohlik agentliklari orqali tashkil etib berayotganligi sababli ayrim muammolar yuzaga kelayotgani ham sir emas. Xususan, ba’zi sayyohlik agentliklari orqali Umra ziyoratiga ketayotgan fuqarolarga yo‘riqnomalarning ko‘rsatilmasligi, mehmonxonalarga joylashtirish, ovqatlantirish va shifoxonalarga murojaat qilishda muammolar kelib chiqayotgani, malakali ellik boshi va tarjimonlarning yetishmasligi kabi bir qancha masalalarni bartaraf etish, nainki respublikamizdan borayotgan ziyoratchilar uchun, balki Saudiya Arabistoni uchun ham g‘oyat muhim sanaladi.
Mazkur muammolarni bartraf etishda Umra ziyoratini islom ahkomlari bo‘yicha mukammal, xato va kamchiliklarsiz amalga oshirilishida hamda ziyoratni tashkil etishdagi ayrim tashkiliy masalalarni tartibga solishda ko‘mak berish maqsadida Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assotsiatsiyasi tashkil etish zarurati tug‘ildi hamda Umra ziyoratlari sayyohlik agentliklari assoitsiatsiyasi Adliya vazirligida Davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Umra ziyoratini tashkil etishda ayrim sayyohlik agentliklari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan barcha kamchiliklarni bartaraf etish, ushbu muqaddas ziyoratni tashkil etishda sayyohlik agentliklari faoliyatini muvofiqlashtirish va tartibga solish, ushbu yo‘nalishga doir malakali kadrlar tayyorlashda o‘quv kurslarini tashkil etish orqali ko‘mak ko‘rsatish mazkur assotsiatsiyaning asosiy vazifasidir. Bir so‘z bilan aytganda assotsiatsiya mamlakatimiz fuqarolarini Umra ziyoratlarini amalga oshirishlarida O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni hukumatlariga yordamchi bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
– Bunday uyushmaning tashkil etilishi juda quvonarlidir, – dedi Toshkent shahar bosh imom xatibi Rahimberdi Rahmonov. – O‘tgan bir asr davomida bizda Umra ibodati bo‘lmagan. 1986 yilda O‘zbekistondan atigi birgina odam Umraga borgan. Ushbu muqaddas safarga mavjud kvotalarning olib tashlangani e’tiborga molikdir. Bunday imkoniyatlarning o‘zi bir saodatdir. Xalqimizga bunday kunlar muborak bo‘lsin. Hamyurtlarimizga sifatli, odamlar mamnun bo‘ladigan darajada xizmat ko‘rsatish mazkur uyushmaga nasib etsin.
Taqdimot marosimida Umra safarini ado etishda sifatli xizmat ko‘rsatayotgan aviakompaniyalar, sayyohlik agentliklari taqdirlandi.
Nazokat Usmonova, Davron Ernazarov (suratlar), O‘zA muxbiri