Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Umra ziyorati uchun yig‘ilgan pulga ko‘prik ta’mirlandi
13:59 / 2026-01-13

Buxoro viloyati Shofirkon tumani “Bog‘iafzal” mahalla fuqarolar yig‘inidagi bir oilaning saxovatpeshaligi ko‘pchilik uchun ibratli bo‘ldi.

Shu mahallada umrguzaronlik qilayotgan Jamila O‘rinova hamda Sa’dulla Rahimov Umra ziyorati uchun yig‘ib yurgan qariyb 70 million so‘m mablag‘larini qishloqdoshlari manfaatiga yo‘naltirish ahd qildi.

Bu sarmoya evaziga Bog‘iafzal, Pashmon, Jilvon hamda Sharof Rashidov mahallalarini o‘zaro bog‘lovchi ko‘prik, shuningdek, So‘fiyon qishlog‘ida joylashgan ko‘prik to‘liq ta’mirlanib, ularga qo‘shimcha beton plitalar yotqizildi. Quvonarlisi, bugunga kelib bu ko‘priklardan o‘nlab xonadon ahli xavfsiz va qulay foydalanmoqda.

Oila sohibi uzoq yillar qurilish sohasida faoliyat yuritgan, xonadon bekasi esa umrini farzandlar tarbiyasiga bag‘ishlagan. Ayni kunda 6 nafar farzand, 5 nafar qiz va 1 nafar o‘g‘ilni voyaga yetkazib uyli-joyli qilgan, xuddi shunday, 11 nafar nevaraning quvonchi bilan umrguzaronlik qilayotgan bir oilaning ezgu amali, hayotiy qarori ko‘pchilikning hurmat-e’tiborini qozondi. 

– Muqaddas safar oilamizning ko‘p yillik orzusi edi, ammo, yo‘l va ko‘priklar ta’miri o‘nlab yurtdoshlarimizning kundalik tashvishi ekanligi bilan oilamiz orzu-havasidan ustun keldi. Qishloqdoshlarimizga manfaat keltirganimizdan juda xursandmiz, – deydi oila vakillari.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.