Huquqiy munosabat
Mamlakatimizda xususiy sektor tomonidan “Umra” tadbirlarini tashkil etish va amalga oshirish imkoniyati yaratilmoqda.
Shuningdek, “Umra” tadbirlarini tashkil etishda ba’zi bir qo‘shimcha talablar qo‘yildi.. Bu borada Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev batafsil ma’lumot berdi.
– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 8 avgustdagi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda ziyoratchilarning manfaatlarini samarali himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida quyidagi qo‘shimcha talablar va shartlar joriy etilgan.

Xususan, 100 ming AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdordagi mablag‘larni O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yish hamda ushbu mablag‘larning yetarli miqdorini ta’minlab borishi lozim.
Ziyoratlarchilarning “Umra” xizmatlari bo‘yicha guruh rahbari O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida, diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislardan tayinlanadi. “Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika ta’lim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassis bo‘lishi kerak.
Shuningdek, “Umra” xizmatlarini voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatmaslik hamda “Umra” xizmatlarini Saudiya Arabistoni podshohligidagi hamkor tashkilot o‘rtasida imzolanadigan shartnomaga muvofiq amalga oshirish, belgilangan.
Tegishli turoperator tomonidan Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yiladigan 100 ming AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi mablag‘lardan, uning “Umra” xizmatlarini sifatsiz ko‘rsatishidan jabr ko‘rgan ziyoratchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar o‘rnini qoplash uchun sud qaroriga muvofiq foydalaniladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA