O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Mazkur qarorda “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun litsenziya olish talablarini belgilash, ziyoratchilarga amallarni munosib va xavfsiz bajarishlari uchun shart-sharoitlar yaratish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, sifatli va kafolatlangan xizmatlardan foydalanishni ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Endi “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati uchun litsenziya yakka tartibdagi litsenziya turi hisoblanadi.
Litsenziyalar soni Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tomonidan belgilanadi hamda litsenziyalarni berish tanlov asosida amalga oshiriladi.
Qaror bilan “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
“Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish talablari va shartlari;
tanlov o‘tkazish, arizalarni ko‘rib chiqish tartibi, tanlov komissiyasi ishini tashkil etish;
litsenziyani rasmiylashtirish va qayta rasmiylashtirish, to‘xtatib turish, bekor qilish va tugatish asoslari;
vakolatli organning qarori ustidan shikoyat berish va uni ko‘rib chiqish tartibi belgilab berilgan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzurida yuridik shaxs hisoblanmaydigan “Ziyorat” jamg‘armasi tashkil etiladi. Qaror bilan “Ziyorat” jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.
“Umra” amallarini bajarishda diniy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislarni guruh rahbari sifatida ajratish bo‘yicha quyidagi tartib joriy etiladi:
mutaxassis ziyoratchilarning “Umra” tadbirlariga doir faqat diniy amallarni bajarishiga rahbarlik qiladi;
mutaxassisning ziyoratchilar guruhiga rahbarlik qilish majburiyat va vazifalari, shuningdek, to‘lov miqdori hamda ajratiladigan mutaxassislar soni O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnomada belgilanadi;
1 nafar mutaxassisga 50 nafardan oshmagan ziyoratchilar guruhi biriktiriladi.
Fuqarolarni diniy amallar (“Haj” va “Umra”)ni bajarish uchun Saudiya Arabistoni Podshohligiga tegishli turdagi vizasiz yuborish taqiqlanadi.
O‘zA