"Biznes niqobi" ostida Haj va Umra ziyoratiga yuborishda noqonuniy faoliyat olib borayotgan firibgarlar uchramoqda.
So‘nggi bir yil davomida Umra ziyorati tadbirlarini noqonuniy amalga oshirish bilan bog‘liq 178 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Litsenziyasiz faoliyatni amalga oshirgan 47, reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan 15 turistik tashkilotga jarimalar qo‘llanilgan.
Shunday ekan, Hajga, Umraga olib boramiz, degan reklamalarning hammasiga ham ishonib bo‘lmaydi. Chunki, aynan shunday reklamalarga aldanib, turli aylanma yo‘llar orqali fuqarolarni sarson qilayotgan firibgarlar bor. Bundan ehtiyot bo‘lish kerak.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 24 yanvardagi «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori bilan Haj va Umra ziyoratiga boruvchilarning yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tishi majburiy etib belgilandi.
“Haj va Umra yagona portali”da muqaddas ziyoratga borish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun ushbu portal orqali ro‘yxatdan o‘tish majburiy etib belgilandi.
Qarorga muvofiq, yangi tartib "Haj" tadbiriga 2026 yil 1 fevraldan boshlab kuchga kirdi. "Umra" tadbiriga borish uchun portalda ro‘yxatdan o‘tish 1 maydan boshlab majburiy bo‘ladi.
Ziyoratchilar haqidagi ma’lumotlar portalga kiritilmasdan turib safarlarni tashkil etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
N.Abduraimova, O‘zA