Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Umra” tadbirlari reklamasidan ogoh bo‘ling
15:47 / 2024-09-23

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi vakolati doirasida “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid turizm xizmatlari reklamasiga oid ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar, guruh va kanallarda joylashtirilgan axborotlarning qonuniyligi yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazmoqda.

Ma’lumki, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq turistik faoliyat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 iyundagi hamda 2023 yil 8 avgustdagi qarorlari asosida amalga oshiriladi.

Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, joriy yilning 2 iyulida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishga doir faoliyat litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. O‘z navbatida, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat berilgan (litsenziyaga ega) turoperatorlar ro‘yxati e’lon qilingan.

Bunday litsenziyaga ega bo‘lmagan sub’ektlar tomonidan ushbu xizmatlarni ko‘rsatish taqiqlangan. Tahlillarga ko‘ra, internet va ijtimoiy tarmoqlarda “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarni ko‘rsatish bilan bog‘liq reklama axborotlari faollashgan. Tegishli litsenziya va ruxsatnomalar bo‘lmagan holatda ushbu xizmatlar reklama qilinayotgani kuzatilmoqda. “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni reklamani tayyorlash, joylashtirish va tarqatish sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi va iste’molchilarni noto‘g‘ri va ishonchsiz reklamadan himoya qiluvchi muhim me’yoriy hujjatdir.

Qonunning 16-moddasiga muvofiq, tegishli sertifikatlari va litsenziyalari, majburiy sertifikatlashtirish guvohnomalari yoki maxsus ruxsatnomalari mavjud bo‘lmagan tovarlarni reklama qilish taqiqlangan. 

Raqobat qo‘mitasi ziyoratchilarimizni “Umra” amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun ogoh bo‘lishlari va keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmasliklari maqsadida ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan hamda tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan turoperatorlar xizmatlaridan foydalanishlarini tavsiya etadi.

N.Rahmonova, O‘zA