Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Umra safaridan qaytgan 100 nafar xorazmlik ziyoratchilar tantanali kutib olindi
18:11 / 2023-04-01

Davlatimiz rahbari joriy yilning 17 fevral kuni Buxoro viloyatiga safarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning kam ta’minlangan oilalar vakillarini Umra ziyoratiga yuborishda davlat tomonidan yordam berish borasidagi iltimosini qanoatlantirib, qo‘llab-quvvatlagan edi.

Shu munosabat bilan Xorazm viloyatidan ham 100 nafar yurtdoshimiz umra ziyoratini amalga oshirib qaytdi.  Ularni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida Haj va Umra bo‘yicha mutasaddilar va ziyoratchilarning yaqinlari  kutib oldi.

— Bugun mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi, – deydi  Urganch shahar bosh imom-hatibi Hasanboy Kenjayev. – Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam taminlangan, kam daromadli oilalarga yordam ko‘rsatish, iqtisodiy, tibbiy, ta’lim borasidagi ko‘maklar natijasida yurtdoshlarimiz hayot tarazi tubdan o‘zgarmoqda. Davlatimiz rahbarining sa’y harakatlari bilan Saudiya Arabistoniga hozirda har kuni Jidda va Madina shaharlariga ikki marta aviaparvoz muntazam amalga oshirilmoqda. Bu esa ziyoratchilarimiz soni tobora ko‘payib borayotganidan darak beradi.  Muborak ziyoratga otlangan yurtdoshlarimiz uchun ikkala shaharda barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Buning uchun Yaratganga shukronalar aytmog‘imiz, sharoitlarni qilib berayotgan hukumatimizdan minnatdor bo‘lmog‘imiz lozim.  

Darhaqiqat, har bir musulmonning orzusi bo‘lgan Haj ziyoratini ado qilish ko‘pchilik uchun yillar davomida faqat orzuligicha qolmoqda edi. Ular orasida mana bu yurtdoshlarimiz ham bor. Nafaqa yoshiga yetgan bo‘lsalar ham bu istaklari amalga oshmagandi. Ushalmas orzu deb o‘ylangan bu istak davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirildi.  

— Hech qachon shunday amal menga nasib etadi, deb o‘ylamagandim, – deydi ziyoratchi Shukurjon Yunusova. – Alloh taolo yurtboshimizning ko‘ngliga solib bizga shunday g‘amxo‘rlik qilib, savobga qoldilar. Safar davomida barcha sharoitlar yuksak darajada yaratib berildi. Barib kelishimizda umuman qynalmadik. Muqaddas amallarni emin-erkin bajardik. Yurtimiz hamisha tinch-osuda bo‘lishini, mamlakatimizning yanada rivojlanishini, davlatimiz rahbarining sog‘-omon bo‘lishlarini, dasturxonlarimiz hamisha to‘kin bo‘lishini tilab qaytdik.  

Nuroniylarni yaqinlari katta xursandchilik bilan qarshi oldi. Orzulari ushalab, farzandlari, nabiralari bag‘riga qaytgan eldoshlarimiz dili va tilida shukronalik.  

Mahallasida yillar davomida halol mehnat qilib, imon-e’tiqodi, xulq-atvori bilan hurmat qozongan otaxon va onaxonlarimiz bugun muborak ziyoratni ado etib uyiga qaytishlari erishgan hurmat va ehtiromini yanada yuksaltirdi. Muhimi ular Yangi O‘zbekistonda hech kim e’tibordan chetda emasligini yana bir bor his qilishdi.

Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA