English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Umr ham yaproqday omonat ekan...” marhum shoir Husan Eshmurodni xotirlab (+video)
17:32 / 2023-05-13

Husan Eshmurod… bu ismu sharif bizga bir latif, bir sharif shoirni, otashqalb insonni eslatadi. U bugun oramizda jisman yo‘q bo‘lsa-da, uning yodi farzandlari, shogirdlari, muxlislari, eli bilan hamon birga.

Ba’zan inson umrini chaqinga mengzashadi. Alloh in’om etgan qisqa umrni chaqmoq kabi chaqnab yashab o‘tadilar. Aslida ham shundaymi? Menimcha bir soniyalik chaqindan so‘ng undan na iz, na biron belgi – nishon qoladi. Umri poyoniga yetib, bu yorug‘ dunyoni tark etib ketgan ko‘pgina odamlarning ortidan esa el-ulus koriga yaraydigan farzandlar, sadoqatli shogirdlar va ezgu amallari qoladi. Qo‘ng‘irot elining mehridaryo shoiri Husan Eshmurod ham tirikligida o‘ziga mangulikka haykal qo‘ygan insonlardan biri edi. Uning odamoxunligi, oliyjanob fazilatlari, xayrli ishlari haqidagi xotiralar unutilgan emas, unutilmaydi ham. Chunki uning jo‘shqin va diltortar, samimiy tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan she’rlari necha-necha avlodlarning yuragida aks-sado berib, mayoq singari ularni kelajakka undab turadi.

Donishmandlardan biri “Inson umri uning qancha yashaganligi bilan emas, balki qilgan savobli ishlari bilan o‘lchanadi”, degan edi. Bu hikmat xuddi Husan Eshmurodga o‘xshab yonib yashagan, savobli amallari bilan el ko‘nglidan joy olgan insonlarga berilgan bahodek tuyuladi.

1973 yilda Toshkent Davlat xorijiy tillar institutining fransuz filologiyasi fakultetini tugatgan yosh mutaxassis dastlab o‘zi tug‘ilib o‘sgan Dehqonobod tumanining Oqirtma qishlog‘idagi E.Niyozov nomli maktabda o‘qituvchilik qila boshladi. Harbiy xizmatni o‘tab qaytgach, maktab direktori o‘rinbosari, keyinchalik Mardon Ibragimov nomli xo‘jalikda rais muovini bo‘lib faoliyat yuritdi. 1994 yilda “Dehqonobod ovozi” gazetasiga muharrir etib tayinlandi hamda shu yili xalq deputatlari tuman kengashiga deputat bo‘lib saylandi. Ijodiy jamoa rahbari va deputat sifatida eldoshlari ishonchini qozonish uchun kuch-g‘ayrati va bilimini ayamadi. Jo‘shqin ijodi va mehnati bilan ko‘pchilikning mehrini qozondi. Lekin hayot yo‘llari hamisha ham bir tekis emas. Odamzod umr yo‘llarida qanchalik ko‘p qoqilsa, hayotning past-balandini shunchalik o‘rganadi. Shoirning boshiga g‘amning bulutlari soya tashlaganida u ezilib, bukilib, sinmadi. Balki qiyinchiliklarni mardonavor yengdi. Shunday kezlarda ko‘ngilning nolasi she’r bo‘lib oqqa ko‘chdi. Qalbidagi armon vulqon otashi yanglig‘ otilib chiqdi. Ijod pillapoyasi davomida uning “Qo‘ng‘irotning qo‘shig‘i” she’riy to‘plami va “Oltin beshigim” nomli tarixiy-etnografik qissasi dunyoga keldi. “Ko‘zguning qadri”, “Yoding bilan yashayman, Oygul” kabi dramalari sahnalashtirildi. Vafotidan so‘ng uning hayoti va ijodi xususidagi fikrlar, xotiralar “Erta so‘ngan yulduzlar”, “Qashqadaryo badiiyati”, “Sadoqatning suvrati” kitoblarida bosilib chiqdi. Uning qalamidan to‘kilgan satrlar ona yurtga, o‘z eliga muhabbati izhori bo‘lib yangradi:

Qo‘ng‘irotim – tug‘ma botirim,

Har yigiti mingga tatirim.

O‘n ming uyli, yuz minglab qo‘yli –  

Gudraybiydan qolgan xotirim.

Baxshiyona ohanglardan ilhomlanib yozilgan shoirning she’rlarida elning o‘ziga xos urf-odatlari va yashash tarzi mehr bilan talqin etiladi. Ayniqsa uning “Qo‘ng‘irotning o‘tovi”, “Alpomish boboga”, “Muqaddas”, “Qo‘ng‘ir otni tusadim”, “Momo shukronasi” kabi she’rlari ma’lum ma’noda xalq o‘tmishi, Vatanning shonli tarixi, millatning qadimiy hayotidan hikoyalar so‘zlaydi.

Umr ham yaproqday omonat ekan,

To‘kilgan tuproqday imorat ekan.

Diyonat ekanu uning teng yarmi,

Teng yarmi adovat, xiyonat ekan.

Ot o‘rnini toy bosar, deganlaridek shoirning o‘g‘li Arslon Eshmurodov ham otasi izidan borib, jurnalistika sohasini tanladi. Ayni damda “Odillik mezoni” ilmiy-amaliy, huquqiy jurnalining bosh muharriri sifatida elning quvonchiga sherik, tashvishiga yelka tutib kelmoqda. Otasi haqidagi gurunglarda u kishi “Agar umrni munosib qarshilash xususida gap boradigan bo‘lsa, hech ikkilanmay otamning o‘tgan umrini misol qilib keltirar edim”, deya mehrini, faxrini izhor etadi.

Ha, inson xotirasiz yashay olmaydi, chunki xotira insonni tarbiyalab turadi. Illo, marhumlarning ilinji tiriklarning oqibatidir. Yodimiz oynasidan balqib turgan azizlarimizning xotirasi biz tiriklarga hamisha hamroh. Husan Eshmuroddek shoir ham kechagina biz bilan hamfikr va hamnafas edi. Bugun esa… o‘rni bo‘sh qoldi uning. Odamlar orasidan ketgach, el ruhiyatidagi o‘rni bilindi-qoldi. Taqdirdan, qismatdan hech kim qochib qutulgan emas. Tirikligida o‘ziga haykal tiklagan odamlar mangu barhayotdirlar.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/jOv2xjrnfGQ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

 

O‘tkir ALIMOV

O‘zA