Navoiy viloyati Nurota tumanidagi davlat xususiy-sherikchilik asosida tashkil etilgan “Umidli yoshlar maskani” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining qo‘shimcha binosi foydalanishga topshirildi.
Tadbirkor A.Haydarov tomonidan 2019 yilda barpo etilgan binoning loyiha qiymati 4,5 milliard so‘mni tashkil etib, shu kunga qadar 150 nafar kichkintoyni o‘z bag‘riga olgan edi.
Tadbirkor tomonidan yana 2,6 milliard so‘m mablag‘ hisobiga 120 o‘rinli qo‘shimcha bino qurildi.
“Mustaqillik” MFYda joylashgan ushbu maktabgacha ta’lim tashkilotida bolajonlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi, har tomonlama sog‘lom o‘sib-ulg‘ayishi uchun barcha sharoit yaratilgan.
– Shu kunga qadar bog‘chamizda 30 nafar pedagog va ishchi-xodim mehnat qilib, ularning 11 nafari oliy ma’lumotli mutaxassis edi, – deydi maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari Lutfiya Haydarova. – Tashkilotda bolalarning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun barcha sharoit yaratilgan. Ingliz va rus tillari, mental arifmetika to‘garaklari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bog‘chamiz 150 o‘ringa mo‘ljallangan edi. Talabning oshib borayotganligi sababli uni yanada kengaytirib, 2-blogini ishga tushirdik. Bola sonining ko‘payishi hisobiga 30 ta doimiy ish o‘rni yaratildi.
2023 yil oxirida tumandagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 92 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilning iyun oyida 102 taga yetkazildi. Ularning 20 tasi davlat, 76 ta oilaviy hamda 6 tasi davlat xususiy-sherikchilik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri