Umidjon Jalolov jahon chempionatida bronza medalini qo‘lga kiritdi
Xorvatiya poytaxti Zagreb shahrida sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionati davom etmoqda. Quvonarlisi, chempionatning erkin kurash bellashuvlarida O‘zbekiston terma jamoasi hisobiga ikkinchi bronza medali qo‘shildi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, -65 kg. vazn toifasida hamyurtimiz Umidjon Jalolov bronza medali uchun rossiyalik Ibragim Ibragimov bilan raqobatlashdi. Keskin va murosasiz o‘tgan bellashuvda Umidjon g‘alaba qozonib, musobaqaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi. Eslatib o‘tamiz, kuni kecha dunyo birinchiligida erkin kurashchimiz G‘ulomjon Abdullayev -57 kg. vazn toifasida Shimoliy Makedoniya vakili Vladimir Yegorov ustidan g‘alaba qozongan holda bronza medaliga sazovor bo‘lgan edi.
Ma’lumot o‘rnida: musobaqaning ayollar kurashida Aktenge Keunimjayeva (-50 kg) va Layloxon Sobirova (-59 kg) mag‘lubiyatga uchradi. Ertaga, 18 sentyabr kuni yunon-rum kurashi bo‘yicha bellashuvlar start oladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA