Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Umid Yoqubov: “Tayson kabi taniqli bokschilarning O‘zbekistonga kelishi kelajakda odatiy holga aylanadi”
12:49 / 2023-11-12

Shu kunlarda mamlakatimizda o‘tkaziladigan Butunjahon boks ittifoqining 61-konvensiyasi hamda ushbu tadbir doirasida tashkil etilayotgan professional boks kechasida ishtirok etish uchun dunyoning bir qator davlatlaridan yuzlab nomdor sportchilar, promouterlik kompaniya vakillari O‘zbekistonga yetib kelmoqda.

Tarixiy anjumanning nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoda ilk bor tashkil etilayotgani sababli boks ixlosmandlari, xalqaro sport hamjamiyatning diqqat e’tibori yurtimizga qaratilgan.

Mamlakatimizda o‘tkaziladigan Butunjahon boks ittifoqining 61-konvensiyasiga tayyorgarlikning borishi, uning ahamiyati va boshqa jihatlari xususida O‘zbekiston professional boks federatsiyasi prezidenti Umid Yoqubovga bir necha savollar bilan murojaat etdik.

– Konvensiyaga tayyorgarlik ishlari qanday olib borilmoqda?  

– O‘zbekiston ilk bor WBC tashkilotining yillik konvensiyasiga mezbonlik qilishni boshladi. Ushbu nufuzli tadbirning Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib aynan yurtimizda o‘tkazilayotgani e’tibor va e’tirofga loyiq voqelik, albatta. O‘tgan yili tashkilotning yubiley – 60 yillik konvensiyasi Meksikada o‘tkazilgan va aynan o‘sha tadbirda 61-konvensiya mezbonligi Toshkent shahriga ishonib topshirilgandi. O‘tgan davr mobaynida tayyorgarlik ko‘rishimiz, tadbirni yuqori saviyada o‘tkazishimiz uchun yetarlicha vaqt bo‘ldi va tabiiyki, barcha zaruriy ishlar amalga oshirildi. Hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi, shuningdek, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi va qator hamkor tashkilotlar bu borada bizga yaqindan ko‘makchi bo‘lmoqda. Yilning eng muhim boks tadbirida qatnashish uchun yurtimizga bir yuz yetmishga yaqin mamlakatdan delegatlarning kelishi davom etmoqda. Birinchilardan bo‘lib WBC prezidenti Maurisio Suleyman janoblari O‘zbekistonga yetib kelgan bo‘lsa, bugungacha yuzga yaqin mamlakat vakillari, taniqli boks yulduzlari poytaxt aeroportida munosib tarzda kutib olindi.

– Yurtimizda ushbu tarixiy professional boks tadbirining o‘tkazilishi katta ahamiyatga ega, albatta. Aytingchi, Butunjahon boks ittifoqi qanday tashkilot?

– Butunjahon boks ittifoqi (WBC) professional boksning eng nufuzli yo‘nalishi hisoblanib, unga 1963 yilda Argentina, Braziliya, Buyuk Britaniya, Venesuela, Meksika, Panama, Peru, AQSH, Filippin, Fransiya, Chili, jami o‘n bir davlat boks federatsiyalari negizida asos solingan. Birinchi prezidenti Xose Suleyman. WBC bosh shtab-kvartirasi, ya’ni qarorgohi Meksikaning Mexiko shahrida joylashgan. Bugungi kunda tashkilotga Xose Suleymanning o‘g‘li Maurisio Suleyman rahbarlik qilmoqda. Maurisio otasining vafotidan so‘ng, 2014 yilning 23 yanvar kuni WBC prezidenti etib saylangan edi. Bugungi kunda WBC tashkilotiga dunyoning ikki yuzga yaqin davlati a’zo hisoblanadi. Jami 18 vazn toifasida WBC chempionlik kamari uchun janglar o‘tkazib kelinadi. Har bir vaznning o‘z reytingi bor.

– Butunjahon boks ittifoqining konvensiyalari bugungacha qaysi davlatlarda tashkil etilgan?

– Asosan tashkilotning bosh shtab kvartirasi joylashgan Meksika davlatida o‘tkazilgan. Shuningdek, AQSH, Yevropa mamlakatlarida tashkil etilgan. MDH mamlakatlari orasida Boku (Ozarbayjon) va Moskva (Rossiya) shaharlari ham ushbu tadbirga mezbonlik qilgan. Osiyo davlatlari orasida Tailand, Yaponiya ham WBC konvensiyasini qabul qilgan. Markaziy Osiyo davlatlari orasida biz birinchi bo‘lyapmiz.

– 61-konvensiya dasturi qanday tuzilgan? Qaysi kunlari qanday tadbirlar bo‘lib o‘tadi?

– Toshkentdagi WBC 61-konvensiyasi kun tartibidan ta’lim, doping, hakamlik, xalqaro munosabatlar, boks qoidalari, reytinglar, chempionlik kamarlari, xayriya va jamoat tashabbuslari kabi bir nechta masalalar bo‘yicha yig‘ishlar o‘tkaziladi. 13 noyabr kuni WBC prezidenti hamda boks yulduzlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etiladi. Marosimning so‘nggi kuni, ya’ni 17 noyabrda muhtasham “Humo Arena”da katta professional boks kechasi bo‘lib o‘tadi. Bundan tashqari, martabali mehmonlar, yulduz bokschilar ko‘hna va hamisha navqiron, mo‘’jizaviy Samarqand shahrida ham bo‘lishadi.

– Taniqli bokschilar kelishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar keng jamoatchilikka yetkazib borilmoqda. Aytingchi, poytaxtimizda bo‘ladigan konvensiyada nechta davlatning professional boks mutasaddilari, taniqli bokschilar qatnashish istagini bildirgan?

– Yuqorida aytganimdek, ko‘plab davlatdan delegatlar yurtimizga kelyapti. Jahon boksi afsonalari Mayk Tayson, Evander Xolifild, Xulio Sezar Chaves, Kostya Szyu, Aleksandr Usik, Vasiliy Lomachenko, Amir Xan va boshqa bir qator yulduzlar ham yurtimizga tashrif buyuradi. Aynan Toshkentdagi konvensiyada WBC tashkilotining 61 yillik yubiley tantanalari ham nishonlanadi.

– Mazkur yig‘ilish doirasida professional boks kechasi ham o‘tkazilishi e’lon qilindi. Yurtimiz va xorij mamlakatlardan qaysi nomdor charm qo‘lqop ustalari Toshkent ringlarida jang o‘tkazadi?

– Konvensiyaning so‘nggi kuni, ya’ni 17 noyabrda Toshkentdagi muhtasham “Humo Arena”da katta professional boks kechasi bo‘lib o‘tadi. O‘zbekistonning LIFT promouterlik kompaniyasi tomonidan tashkil etilayotgan oqshomning markaziy jangi superog‘ir vazn toifasida o‘tkazilib, unda hamyurtimiz Bahodir Jalolov JAR vakili Kris Tompsonga qarshi ringga ko‘tariladi. “Big Uzbek“ning hamyurtlarimiz ko‘z o‘ngida jang o‘tkazishi ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lyapti. Shuningdek, ushbu turnirda Abdumalik Halakov, Mirazizbek Mirzaxalilov, Mujibillo Tursunov, Qudratillo Abduqahhorov singari taniqli charm qo‘lqop ustalarimiz ham ringga chiqadi.

– Mayk Tayson, Evander Xolifild kabi taniqli bokschilarning Toshkentga kelishi kutilmoqda. Ularning yosh bokschilarimizga master klass, ya’ni mahorat saboqlarining o‘tkazishi rejalashtirilganmi?

– Shunday reja bor. Har doim ham bunday katta nomga ega boks afsonalari O‘zbekistonga kelavermaydi. Nasib qilsa, yosh bokschilarimizning ular bilan uchrashuvini tashkil etish niyatimiz bor. Bu borada tegishli tartibda ishlar olib borilmoqda. Shu o‘rinda aytish lozim, yurtimizda Yangi O‘zbekiston tamoyili tatbiq etilishi natijasida xalqimiz ruhiyatida yuksalish, dunyoga teran nigoh bilan qarash, o‘z fikrini ochiq ifoda etish hissi shakllandi. Bu, boshqa sohalar kabi sportda ham beqiyos o‘zgarishlarga sabab bo‘lmoqda. Bugun Tayson kabi nomdor sportchilarning yurtimizga kelishi, yirik sport anjumanlarining O‘zbekistonda o‘tkazilishi kelajakda odatiy holga aylanishi shubhasiz. Umumiy harakatlarimiz, maqsadlarimiz aynan shunga qaratilgan.

To‘lqin Ro‘ziyev O‘zA suhbatlashdi.