Ulug‘nor Andijon viloyatining eng olis tumani hisoblanadi.
Cho‘l hududlarini o‘zlashtirish hisobiga tashkil etilgan Ulug‘norning har bir go‘shasi yildan yilga obod bo‘lib bormoqda.
Yangi-yangi turar-joy massivlari, yo‘llar, maktab va bog‘chalar, savdo hamda xizmat ko‘rsatish inshootlari barpo etilib, aholining turmush farovonligi yuksalmoqda.
Ayniqsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” hamda aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga qaratilgan dasturlar doirasida keyingi yillarda bu boradagi ishlar ko‘lami yanada ortdi. bugungi kunga kelib, tumanda aholining ichimlik suvi ta’minoti darajasi 87 foizga yetkazildi.
[gallery-8245]
– Ayni kunda hududlarni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida salkam 48 kilometr masofaga yangi suv quvurlari tortildi, – deydi "Andijon suv ta’minoti" mas’uliyati cheklangan jamiyati Ulug‘nor tumani bo‘limi rahbari Ilhomjon Mirzakarimov. – Bundan tashqari, joriy yil o‘tgan davrida 6 ta yangi quduq o‘rnatildi, 8 tasi esa ta’mirlandi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar davom ettirilmoqda. Umuman, yil yakuniga qadar aholining ichimlik suv ta’minoti darajasini 93 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Yuqoridagi kabi ishlar amalga oshirilishi bilan tumandagi “Mingbuloq”, “Fazogir”, Bobur, “Oqtosh”, “Shifokor”, “Nurobod” va “Sariqsuv” kabi mahallalarda ichimlik suvi ta’minoti tubdan yaxshilanadi.
– Qariyb o‘n yillardan buyon tumandagi Bobur, “Nurli hayot”, “Shifokor” mahallalarida ichimlik suvi muammosi aholini qiynab kelar edi, – deydi Bobur nomli mahalla fuqarolar yig‘inida faoliyat olib borayotgan Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi Nigoraxon Jabborova. – Chunki o‘ttiz yillar avval tortilgan suv quvurlari chirib, yorilib ketganligidan suv chiqmas, ayniqsa, Bobur mahallasidagi uchta ko‘cha aholisi 1,5 kilometr uzoqlikdagi qo‘shni mahalladan suvni tashib ichar edi.
Hukumatimiz ko‘magi bilan bugun muammo bartaraf etilmoqda. Ayni kunlarda, Suv ta’minot korxonasi, “Orzudagi xonadon” mas’uliyati cheklangan jamiyati ishchi va mutaxassislari tomonidan yuqoridagi uchta mahallaning 19 ta ko‘chasiga yangi quvurlar yotkizilmoqda, suv nasoslari o‘rnatilmoqda. Nasib etsa, yaqin kunlar ichida ushbu jarayon yakuniga yetkazilib, ichimlik suvi muammosi to‘la bartaraf etiladi. Bu Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa bo‘ladi.
Tumanda ichimlik suvi bilan ta’minlangan mahallalarda xonadonlarga zamonaviy suv hisoblash uskunalari o‘rnatish ishlari ham jadal olib borilmoqda. Hozirga qadar 2 ming 800 ta xonadonga zamonaviy suv hisoblash uskunasi o‘rnatilgan bo‘lsa, yil oxiriga qadar 10 ming 300 ta xonadonga ana shunday uskunalar o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Tumanda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, turmush farovonligini oshirish bilan bog‘liq bu kabi ishlar reja asosida izchil davom etmoqda.
F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA