Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ulug‘norda gimnastika musobaqasi
17:39 / 2021-06-14

OʻzLiDeP Andijon viloyati va Ulug‘nor tumani kengashlari, partiyaning “Yoshlar qanoti” tashabbusi bilan “Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida qizlar o‘rtasida badiiy gimnastika bo‘yicha ochiq turnir o‘tkazildi.

Qator tashkilotlar hamkorligida Ulug‘nor tumani Bolalar va o‘smirlar sport maktabida bo‘lib o‘tgan turnirda Toshkent, Namangan, Farg‘ona hamda Andijon viloyatining qator tuman va shaharlaridan kelgan 7-16 yoshli 100 nafarga yaqin gimnastikachi qizlar ishtirok etdi.  

Turnir ochilishida so‘z olganlar mamlakatimizda yoshlar ularning o‘z salohiyatlarini namoyon etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, xususan, qizlar sportini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.  

– Turnirni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad qizlarimiz o‘rtasida badiiy gimnastika ommaviyligini, yoshlarning badiiy gimnastikaga bo‘lgan qiziqishini oshirish, shuningdek, iqtidorli qizlarni aniqlash va ularni rag‘batlantirishdan iborat, – deydi OʻzLiDeP Ulug‘nor tuman Kengashi ijrochi kotibi Gavharoy Abduvositova. – Qolaversa, yosh qizlarni sportga jalb etish orqali ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Musobaqa ishtirokchilari o‘z mahoratlarini namoyish etib, g‘oliblik uchun o‘zaro bahs olib bordi. Ayniqsa, badiiy gimnastika bo‘yicha tajribali murabbiy, OʻzLiDeP “Ayollar qanoti” faoli Maftunaxon Botirova rahbarligidagi ulug‘norlik qizlar faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi.  

O‘z yosh toifalari bo‘yicha eng yuqori natijalarga erishgan, ya’ni musobaqa g‘oliblariga partiyaning medal, diplom va maxsus kuboklari tantanali ravishda topshirildi.

 

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA