Yangi kitoblar
Tarix – benazir dorilfunun, ulkan tarixiy shaxslar hayoti esa ulkan maktab. Adabiyot va sanat har bir inson komil shaxs bo‘lib yetishishida mislsiz ahamiyatga ega. Binobarin, tarixiy shaxslar hayoti va faoliyatini o‘rganish, Lev Tolstoy, Fyodor Dostoyevskiy, Ernest Xeminguey, Abdulla Qodiriy, Odil Yoqubov kabi adiblarning asarlarini qunt bilan o‘qish, ma’naviy oziq olish yuksak marralarni ko‘zlagan yosh avlod vakillari, qolaversa, yaxshi niyatli har bir odam uchun ham qarzu ham farz. Tafakkurini kengaytirishga, ma’naviyatini yuksaltirishga, ongini o‘stirishga qiziqqan har bir odam esa bu tog‘ buloqlari kabi zilol va shifobaxsh ma’naviy chashmalardan hamisha bahra olib kelgan.
Adabiyotning qudrati shundaki, u har bir insonning qalb qo‘rg‘onini zabt eta oladi, hayotiy obrazlar orqali odamlar tafakkuri va ongini o‘zgartiradi.
Taniqli ijodkor Ismat Ko‘chiyevning yangi kitobini o‘qib, ko‘nglimdan ana shunday tizginsiz o‘ylar kechdi. Muallif Imom al-Buxoriy, Temur Malik, Amir Temur, Alisher Navoiy, Ali Qushchi singari tariximizda shonli iz qoldirgan jasur va alloma shaxslardan ibrat olishga da’vat qiladi. O‘zbek adabiyoti klassiklari hayoti va ijodi haqida mehr bilan so‘zlaydi, undan har bir insonning ma’naviy bahra olishini istaydi. Va to‘plamdagi barcha tarixiy shaxslar, shoir va nosirlar ijodi va hayotiga she’r bag‘ishlaydi. Bu asarlarda Ismat Ko‘chiyevning qalb tebranishlari aks sado beradi. U taniqli insonlarning ijodi va xarakteriga xos jihatlarni she’riy majozlar orqali tavsif etadi. Eng muhimi, ijodkorlar hayotiga oid she’rlarining ko‘pchiligi bayonchilikdan xoli, shoir yoki yozuvchining ichki kechinmalari va hayotiga doir jihatlarni qamrab olgani bilan diqqatga sazovor.
O‘zbek klassik adabiyotining buyuk namoyandalari Mashrab, Muqimiy, Furqat, Ogahiy, Nodira, Uvaysiylar haqida bugungi kitobxon yetarli ma’lumotga egami? Ehtimol, ularning tanlangan asarlari kitob do‘konlarida taqchil ekani, bundan tashqari, mumtoz adabiyot vakillari xususida ilmiy tadqiqotlar ham kam yaratilayotganligi uchun yuqorida nomlari sanalgan ulug‘ ijodkorlar faoliyatini yaxshi bilmaymiz. Ismat Ko‘chiyevning qo‘lingizdagi to‘plami shu jihatdan ham hozirgi o‘qirmanlar uchun qimmatli hisoblanadi.
Jadid adabiyotining namoyandalari XX asr boshlarida madaniy hayotimizda inqilob yaratdilar. Ularning tashabbuskor va taniqli vakillari Munavvar Qori, Behbudiy, Avloniy ijodi xususida ham ko‘pchilikka noma’lum ma’lumotlar to‘planganligi kitobning estetik qimmatini yanada oshirgan.
O‘zbek romanchiligiga tamal toshini qo‘ygan buyuk shaxslardan biri Abdulla Qodiriy, sho‘rolar davrining dastlabki yillarida qatag‘on qurbonlari bo‘lgan Fitrat, Usmon Nosir, Cho‘lpon va boshqa noyob istedod egalari qismati ayanchli bo‘ldi. Ular adabiyot bog‘ida gullamasdan turib so‘lgan xushbo‘y gullar emasmidi? Nega biz buyuk talant sohiblarini asrab qololmadik? Ehtimol, ular o‘sha davrga xos nohaqliklar qurboni bo‘lgandir?
O‘zbek adabiyoti xirmoni sho‘rolar davrida ham yuksak bo‘ldi. Oybek, G‘afur G‘ulom, Odil Yoqubov, O‘tkir Hoshimov kabi nasr ustalari yaratgan «Navoiy», «Shum bola», «Ulug‘bek xazinasi», «Nur borki, soya bor» singari badiiy jihatdan pishiq asarlar nasrimiz rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shildi. Ismat Ko‘chiyev bu ijobiy hodisani to‘g‘ri anglagan va bugungi kitobxonga ana shu istedodli nosirlar asarlarining g‘oyaviy va badiiy qimmati nimada ekanligini ko‘rsatib bera olgan.
Taniqli she’riyat vakillari haqidagi qaydlar ham kitobxon etiborini jalb etadi. Ayniqsa, Abdulla Oripov bilan Erkin Vohidov qatorida Rauf Parfi, Gulchehra Nurullayeva, Halima Xudoyberdiyeva, Muhammad Rahmon va boshqa shoirlar ijodiga doir fikrlar kitobxonni befarq qoldirmaydi. Rauf Parfi she’riyatiga xos dard va iztiroblar tahlili, lirik qahramon ruhiy olamidagi qarama-qarshiliklar, G. Nurullayeva ijodidagi falsafiy fikrlarga qorishgan tuyg‘ularning tabiiyligi, H. Xudoyberdiyeva she’rlaridagi obrazlilik, fikrlar majozlar orqali izhor etilganligi kabi fazilatlar ular asarlarining badiiyligini ta’minlagan omillardir. Shoir va ijodkor Ismat Ko‘chiyev bu jihatlarni yaxshi ilg‘agan va turli mualliflarga atab she’r bitganda ana shu jihatlarga urg‘u bergan.
Ismat Ko‘chiyevning she’rlari shunchaki havas hosilasi emas.Aksincha, buyuk ajdodlarimizga, adabiyot va san’atning ulug‘ salaflariga nisbatan qizg‘in mehr-muhabbatning inikosidir.
Mashhur estrada xonandasi Botir Zokirov haqida ko‘p asarlar yozilgan. Ammo u xususda deyarli she’rlar yaratilmagan. Ismat Ko‘chiyevning satrlarida esa taniqli estrada yulduzining poetik obrazi gavdalanadi. Hatto uning tarjimai holiga oid yangi ma’lumotlar ham o‘rin olganligi to‘plamning badiiy va estetik qimmatini ta’minlagan. Shu jihatdan qaraganda, Botir Zokirov hayoti va ijodiga qiziquvchilar Ismat Ko‘chiyevning yangi kitobini topib o‘qishini maslahat bergan bo‘lar edim.
Bundan tashqari, Komiljon Otaniyozov,Faxriddin Umarov, Tavakkal Qodirov, Abror Hidoyatov, Shukur Burxonov kabi ulug‘ sanatkorlar xususidagi qaydlar ham kitobxonda yaxshi taassurot qoldirishiga shubha yo‘q. Binobarin, betakror iste’dodga ega bu san’atkorlar hamda xonandalar hayoti va ijodiy faoliyati to‘g‘risida bugungi tomoshabin yoki sanat muxlisi yetarli darajada tasavvurga ega emasligi kishini o‘yga toldiradi. Qani edi, biror adabiyotshunos yoki sanatshunos ana shu ulug‘ insonlarning har biri haqida monografiyalar yaratsa, degan istak ko‘ngilni bezovta qiladi.
Keyingi yillarda san’atshunoslar safi kengayib bormayotganligi o‘yga toldiradi. Shu boisdan negadir tasviriy san’at asarlarining mohiyatini ilmiy va estetik jihatdan ochib bera oladigan tadqiqotlar kamligi san’atshunoslikdagi og‘riqli nuqtalardan biridir. Ismat Ko‘chiyevning yangi to‘plamida Rahim Ahmedov,Chingiz Ahmarov, Ro‘zi Choriyev va boshqa ulug‘ mo‘yqalam sohiblarining hayoti va ijodiga alohida urg‘u berilganligi e’tiborga molikdir. Shu jihatdan olganda, ular yaratgan polotnolar, portret va peyzaj asarlar qanday yuzaga kelganligi hamda mo‘yqalam egalarining mahorati haqidagi mulohazalar, qaydlar kitobxonga ma’naviy oziq berishiga shubha yo‘q.
Har bir milliy adabiyot taraqqiyotida adabiy tanqidchilikning roli va ahamiyati beqiyosdir. Binobarin, to‘plamda o‘zbek tanqidchiligining peshqadam vakillaridan biri Ozod Sharofiddinov hayoti va ijodi aks etgan maqola etiborni jalb etadi. Unda Ozod aka faoliyatiga xos haqqoniylik, kurashchanlik va tanqidning samimiyligi kabi fazilatlar ham qamrab olingan.
O‘lmas Umarbekov, Shukur Xolmirzayev, Tohir Malik va boshqa o‘nlab ijodkorlar yaratgan roman, qissa va hikoyalar hozirgi paytda ham o‘quvchilarning kitob javonidan o‘rin olgan va sevimli asarlariga aylanganligi sir emas. «Odam bo‘lish qiyin», «So‘nggi bekat», «Shaytanat» singari romanlarni aksariyat kitobxonlar o‘qib chiqqanligi tabiiy. Chunki bu asarlarda davr fojialari hayotiy qahramonlar xarakterlariga singdirib yuborilgan. Turli badiiy vositalar orqali adiblarning g‘oyaviy o‘y-niyatlari ochib berilgan. Ismat Ko‘chiyevning kitobidan joy olgan qaydlarda ularning hayotiga, ijodiga doir ana shu ijobiy tomonlar ko‘rsatib berilganligi diqqatga sazovordir.
To‘plamning har jihatdan o‘qishli bo‘lishida muallif Ismat Ko‘chiyevning shoir sifatida ijodkorlarga atab she’r yozganligi har jihatdan qo‘l kelgan.Umid qilamizki, «Ulug‘lar chorbog‘i» to‘plami O‘zbekistondagi kitob muxlislari qalbiga harorat va ezgulik nurlarini olib kiradi.
Jovli Xushboq,
O‘zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos.