Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ulug‘bekka sodiq shogird yoxud osmon ilmi sirlarini bilish uchun qo‘yilgan ilk qadam...
11:05 / 2020-12-28

Mamlakatimiz tarixi juda boy va betakror.

 Hamma zamonlarda millatning o‘zligini yuksak salohiyatli shaxslar belgilaydi.

Bundan qariyb 600 yillar avval Samarqandda Ulug‘bek va uning safdoshlari tomonidan ishga tushirilgan rasadxonadan «sirli osmon toqiga qo‘yilgan narvon» faqat Sharqda emas, balki jahon fani va madaniyatining hali o‘rganilmagan tomonlarini o‘rganishga, osmon ilmi sirlarini bilish sari qo‘yilgan ilk qadam bo‘ldi.

Samarqandda faoliyat yuritgan bu rasadxonada Ulug‘bek bilan birgalikda Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid kabi o‘z davrining daholari faoliyat olib borishgan. Ana shu buyuklar qatorida yana bir iste’dodli falakkiyotshunos, riyoziyotchi olim Ali Qushchi ham bor edi. “Ziji Ko‘ragoniy"ning so‘zboshisida “Biz yoritg‘ichlarning masalasini hal qildik. Ularni Qozizoda Rumiy va G‘iyosiddin Jamshid hamkorligida bajardik... Bunda muhim ish ( Zij)ni yozish boshida G‘iyosiddin, keyinroq Rumiy vafot etdi. Shundan so‘ng ishni oxirigacha rasmiylashtirish (Ulug‘bekning) qimmatli o‘g‘ilxoni Ali ibn Muhammad Qushchi bilan birgalikda amalga oshirildi» deyiladi.

Asli ismi Mavlono Alouddin Ali ibn Muhammad Qushchi Samarqandiy bo‘lgan Ali Qushchi Ulug‘bek maktabining atoqli namoyondasi bo‘lgan. Boshlang‘ich ma’lumotni Samarqandda Qozizoda Rumiydan oladi va ilmini oshirish uchun Eronning Kirmon shahrida 3 yil ta’lim oladi. Ayniqsa tabiiy fanlarni, xususan falakkiyot, riyoziyotni puxta o‘rganadi, 1417 yil Samarqandga qaytadi. Ulug‘bek Ali Qushchini 1428 yilda Xitoy davlatiga elchilikka yuboradi, u Xitoydan qaytgach, «Matematika va astronomik jug‘rofiya» asarini yozadi.

Ulug‘bek vafotidan keyin uning Samarqanddagi mashhur kutubxonasi xavf ostida qoladi. Rivoyatlarga qaraganda, kutubxonadagi kitoblarning ko‘p qismini Samarqand yaqinidagi Hazrat Bashir qishlog‘iga ko‘chirgan. Ko‘p o‘tmay, ta’qiblardan qochib, Ali Qushchi Samarqanddan chiqib ketishga majbur bo‘ladi. U Turkiyaning Istanbul shahriga boradi. Turk sultoni Muhammad (Mehmet) II taraqqiyparvar shaxs bo‘lib, o‘z atrofiga olim va shoirlarni to‘plar edi. Ali Qushchining dong‘ini eshitgan sulton uni saroyga taklif qiladi va saroy olimlariga rahbar qilib tayinlaydi. Ali Qushchi Turkiyada olimlar, faylasuflar, shoirlarni o‘z atrofiga to‘plab, ilmiy ishlarni taraqqiy ettirishga intiladi, o‘zi esa riyoziyot, falakiyot, falsafa, mantiq, adabiyot, musiqa va boshqa fan sohalaridan risolalar yozadi. Ali Qushchining asarlari va dunyoqarashi ilm fan tarixida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Ali Qushchi dunyo moddiy narsalardan iborat, moddiy narsalar esa oddiy va murakkab holda bo‘lib, ularda ichki ziddiyatlar mavjud deb hisoblagan. U fasllar almashinuviga Yerning quyoshga yaqinlashuvi sababligini aytgan.

Ali Qushchining «Hisob risolasi» asaridan O‘rta Osiyo madrasalarida o‘quv qo‘llanma sifatida foydalanilgan. Ali Qushchi Ulug‘bekka sodiq shogird sifatida uning bebaho asari «Ziji Ko‘ragoniy»ni saqlab qolgan va ko‘p nusxalarda ko‘paytirgan, turk tiliga tarjima qilib, unga sharh yozgan. Ma’lumki o‘sha davrda Istanbulga Italiya, Germaniya, Avstriya va Gollandiyadan rassomlar, muhandislar, harbiy mutaxassislardan tashqari astronomiya va matematika mutaxassislari ham to‘plangan edi. Birinchi bo‘lib Samarqand olimlarining yutuqlaridan ular bahramand bo‘ladilar. Shu tariqa Ulug‘bek va uning «Zij»i haqidagi xabarlar milodiy XV asr oxiridayoq Yevropaga yetadi. Bunda Ali Qushchining xizmati katta. Ulug‘bek akademiyasi vakillarining tadqiqotlari natijasi bo‘lgan buyuk meros - «Ziji jadidi Ko‘ragoniy»dan keyingi yuz yillar mobaynida faqat Sharq emas, balki G‘arb mamlakatlari ko‘pgina yirik rasadxonalarning olimlari dasturilamal sifatida keng foydalandilar

Manbalarga ko‘ra Ali Qushchi o‘zidan so‘ng matematika, astronomiya va tilshunoslikka oid 30 ga yaqin risola qoldirgani ma’lum.

Uning asarlari nafaqat Movarounnahr, balki Yevropa, Yaqin va O‘rta Sharq ilmiy davralarida ommabop bo‘lib, Ali Qushchi tomonidan ilgari surilgan tadqiqot yo‘nalishlarining kelajakdagi rivoji uchun asos bo‘lib xizmat qildi.

Ali Qushchi Istanbulda vafot etadi.