Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ulug‘bek xalqaro olimpiadada yurtimiz sharafini himoya qiladi
14:32 / 2025-06-02

Ulug‘bek Rahmatullayev joriy yil 27 iyul - 3 avgust kunlari Boliviya Respublikasida bo‘lib o‘tadigan IOI 2025 musobaqasida yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Bilimli farzand ota-ona uchun go‘zal mukofot. U nafaqat o‘zini, balki jamiyatni rivojlantirishga hissa qo‘shadi.  

Qayd etish lozimki, IOI (International Olympiad in Informatics) dunyo miqyosidagi eng nufuzli va raqobatbardosh fan olimpiadalaridan biri bo‘lib, dasturlash, algoritmlar va mantiqiy fikrlash bo‘yicha eng zukko yoshlar bellashadigan maydondir. Har yili 90 dan ortiq mamlakatdan eng sara ishtirokchilar bu olimpiadada qatnashish huquqini qo‘lga kiritadi. Bu yil ular orasida Ulug‘bek Rahmatullayev ham bor.

Qahramonimiz Namangan shahridagi Prezident maktabining 10-sinf o‘quvchisi. Tabiatan kamtar, kamgap Ulug‘bekning informatika faniga qiziqishi baland.  

–Eng shirin tuyg‘u farzanding ortidan aytilgan maqtov, – deydi  qahramonimizning otasi Ma’rufjon Madaminov. – O‘g‘lim Ulug‘bekdan umidlarim katta. Onasi ikkimiz farzandimizning ta’lim olishi uchun qo‘ldan kelgancha harakat qildik. Farzandli bo‘lish, uni voyaga yetkazish ota-ona uchun katta baxt. Bilimli farzand o‘stirish va uning ortidan rahmatlar eshitish ikki karra baxt.  Farzandimning informatika fani doirasida yuksalib borayotgan salohiyatini, mehnatlarini qadrlayman. Oldida turgan mas’uliyatli vazifani sharaf bilan ado etishiga ishonaman. Aminmanki, u global miqyosda ham raqobatlasha olishini yaqqol namoyon etadi.

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.

O‘zA