Andijon shahridagi harbiy qismda “Men ham harbiy bo‘laman” respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat ma’rifat markazi Andijon viloyat bo‘limi, Maktab va maktabgacha ta’lim va Mudofaa ishlari boshqarmalari hamkorligida o‘quvchi- yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash va harbiy kasbga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida o‘tkazilgan tanlovda uning tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 16 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Qatnashchilar belgilan beshta – saf tayyorgarligi, qurolni qismlarga ajratish va yig‘ish, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish vositalarini kiyish, savol-javob va test shartlari asosida o‘zlarining bilim va mahoratlarini namoyish etdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Andijon shahridagi 1- umumta’lim maktabi o‘quvchisi Ulug‘bek Olimov birinchi o‘ringa sazovor bo‘lib, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
–Tanlovga puxta tayyorgarlik ko‘rgan edim, – deydi Ulug‘bek Olimov. – Viloyat bosqichida g‘olib bo‘lganligimdan xursandman, qolaversa, ushbu muvaffaqiyat zimmamga katta mas’uliyat yuklaydi. Endi tanlovning mamlakat bosqichidan ham munosib ishtirok etishga, g‘oliblar qatoridan joy olishga harakat qilaman.
[gallery-17271]
Tanlovda ikkinchi o‘rin Jalaquduq tumanidagi 49- DIM o‘quvchisi Asadbek Muhamadaliyevga, uchinchi o‘rin esa Qo‘rg‘ontepa tumanidagi 65- IDUM o‘quvchisi Rahmatullo Mahbubjonovga nasib etdi. Respublika Ma’naviyat ma’rifat markazi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatov tanlovning g‘olib, sovrindor va faol ishtirokchilarga tashkilotchilarining diplom hamda esdalik sovg‘alarini topshirdi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari