Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ulug‘bek rasadxonasida qazishma ishlarini olib borish uchun qancha mablag‘ ajratilgan?
08:59 / 2021-02-09

Vatanimiz tarixidagi 9 fevral sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1441 yil (bundan 580 yil oldin) – ulug‘ shoir va olim, buyuk mutafakkir va davlat arbobi, o‘zbek adabiyoti va adabiy tili asoschisi, xalqimiz ma’naviyati takomilining turli bosqichlarida uning ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan siymo Alisher Navoiy tavallud topdi (vafoti 1501 yil). Zamonasida kechgan deyarli barcha siyosiy, ijtimoiy, ma’rifiy, madaniy jarayonlarning bevosita ishtirokchisi bo‘lgan Alisher Navoiydan ulkan adabiy, ilmiy va ma’rifiy meros qoldi.

Alisher Navoiy tasavvufning naqshbandiya tariqatida undagi komil e’tiqod, mehnatsevarlik, halollik, javonmardlik kabi qadriyatlarga sodiq qoldi, g‘oyalarini hayoti va ijodiga izchil tatbiq etdi, asarlarini eski o‘zbek, ya’ni turkiy tilda yaratish asnosida uni rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shdi, badiiy ijodiyotda turkiy tilning imkoniyatlari xuddi fors tiliniki singari bitmas-tuganmas ekanligini amalda isbotladi.

1908 yil (bundan 113 yil oldin) – O‘rta va Sharqiy Osiyoni o‘rganish qo‘mitasi yig‘ilishida Samarqanddagi Ulug‘bek rasadxonasi joylashgan yerda qazishmalar olib borish haqida qaror qabul qilindi. Mazkur qazishma ishlarini amalga oshirish Ulug‘bek rasadxonasnining joyini aniqlashdek murakkab masalani hal qilgan taniqli arxeolog Vasiliy Vyatkinga topshirildi. Arxeologik qazishmalarni amalga oshirish uchun unga 800 rubl mablag‘ ajratildi.

Samarqanddagi XV asr me’morligining nodir namunalaridan biri, ko‘hna astronomik kuzatuv muassasasi hisoblangan Ulug‘bek rasadxonasi temuriyzoda Ulug‘bek farmoyishi bilan bunyod etilgan. Rasadxona o‘rta asrlarda asbob uskunasi jihatdan ham beqiyos bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bekning eng yirik astronomik asari “Ziji Ko‘ragoniy” ushbu rasadxonada yaratilgan.

1935 yil (bundan 86 yil oldin) – Jizzax viloyatidagi Forish, Navoiy viloyatidagi Qiziltepa, Samarqand viloyatidagi Jomboy va Paxtachi, Surxondaryo viloyatidagi Sho‘rchi, Toshkent viloyatidagi Chinoz tumanlari tashkil etildi.

1949 yil (bundan 72 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi xalq baxshisi, Xorazm dostonchilik maktabining yirik vakili Norbek Baxshi (asl ism-sharifi Abdulla Qurbonnazarov) tavallud topdi. U Ozarbayjon baxshilar uyushmasi a’zosi (1989). Norbek Baxshi Bola Baxshining o‘g‘li va shogirdi bo‘lib, san’atkorlik sirlarini yana Komiljon Otaniyozovdan o‘rgangan.

1978 yil (bundan 43 yil oldin) – Toshkent Davlat konservatoriyasi qoshidagi o‘rta maxsus musiqa maktabi Muxtor Ashrafiy nomli Toshkent Davlat konservatoriyasi qoshidagi Respublika o‘rta maxsus musiqa maktab-internatiga aylantirildi. Bu maktab-internat iste’dodli bolalar uchun mo‘ljallangan professional o‘quv muassasasi bo‘lib, o‘quvchilarni oliy musiqa o‘quv muassasalariga tayyorladi.

1995 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Misr Arab Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi va Eron Islom Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi elchixonasini ochish to‘g‘risida qarorlari qabul qilindi.

1996 yil (bundan 25 yil oldin) – Farg‘onada buyuk shoir Alisher Navoiy tavalludining 555 yilligi munosabati bilan uning haykali ochildi.

2019 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi