Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ulug‘bek Qosimov: “Unutmang, bolaning bitta jinoyati shahar yuzini yerga qaratishi mumkin”
11:06 / 2023-03-30

Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasida shu yilning 25 mart kuni voyaga yetmagan uch nafar bola sodir etgan qaltis jinoyatni muhokama etdi.

Avtomashinani olib qochgan bolalarning ikki nafari tezkor-tergov harakatlari natijasida mazkur jinoyatni sodir etganlikda gumonlanib ushlangan va qamoqqa olingan.  

Ichki ishlar organlari xodimlari, mahalla, ta’lim muassasasi mutasaddilari, jamoatchilik vakillari, jinoyat sodir etgan voyaga yetmaganlarning ota-onalari, yaqin qarindoshlari ishtirok etgan muhokama chog‘ida jinoyatning sodir etilish sabablari, unga yo‘l ochib bergan omillar, mas’ullar va yaqin qarindoshlarining harakat yoki harakatsizligi atroflicha tahlil qilindi. O‘g‘il bola tarbiyasida ota-ona, ayniqsa, otaning, oila a’zolari bo‘lgan erkak kishining roli muhimligi qayd etildi. Termiz shahri, umuman viloyatda bu kabi jinoyatlar qayta sodir etilishining oldini olish uchun tegishli profilaktik chora-tadbirlar belgilanib, uning yuz berishiga sharoit yaratib bergan mas’ullar va yaqin qarindoshlariga chora ko‘rish lozimligi ta’kidlandi.  

– Inson jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmaydi, – dedi viloyat rahbari. – Bu o‘smirlarning shunday qaltis harakat qilishiga qandaydir omil sabab bo‘lgan. Ularning bunday ishga moyilligini ota-ona, yaqin qarindosh, ta’lim muassasasi, mahalla-kuy sezgan bo‘lsa-da, vaqtida jilovlamagan. Bu dunyo globallashuv jarayonlarini boshdan o‘tkazayotgan hozirgi paytda bola tarbiyasiga bee’tibor bo‘lishning natijasi. Shunday ekan bolani hali o‘smir, deb nazoratsiz tashlab qo‘yish jinoyatga yo‘l ochib bermasligiga kim kafolat beradi? Bunday holat bilan aslo murosa qilib bo‘lmaydi. Unutmang, bolaning bitta jinoyati shahar yuzini yerga qaratishi mumkin.  

Mazkur jinoyat muhokamasi yakunida Termiz shahridagi kriminogen vaziyat ham chuqur tahlil qilindi.  

Qayd etildiki joriy yilning o‘tgan ikki oyida viloyat markazi hududida 137 ta jinoyat sodir etilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 ta yoki 21,2 foizga oshgan. Yig‘ilishda Termiz shahar mutasaddilari, ichki ishlar organlari rahbarlari, mahallalar mas’ullari va profilaktika inspektorlarining hisobotlari tinglanib, jinoyatlarning sabablari, kelib chiqish omillari o‘rganildi. Sektor rahbarlari, mahalla mutasaddilari, profilaktika inspektori hamda boshqa hamkor idoralar mas’ullarining jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish yuzasidan amalga oshirgan ishlari, yo‘l qo‘ygan kamchiliklari tanqidiy ko‘rib chiqildi. Barcha turdagi jinoyatlarning oldini olish uchun kelgusida “fuqarobay”, “oilabay” va “xonadonbay” tizimi hamda “Xavfsiz hovli” tamoyili asosida keng qamrovli profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri