Davlat madhiyasi – xalqimiz ruhiyati, birligi va mustaqillik g‘oyalarining timsoli bo‘lib, milliy g‘urur va Vatanga muhabbatni yuksaltirishda muhim ahamiyatga ega.
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida 10 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda shu haqda so‘z bordi.
Unda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirining davlat tili hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha maslahatchisi Ziyoda Ahmedova davlatimiz madhiyasining ahamiyatiga alohida to‘xtalib, uning xalqimiz g‘ururi, birligi va Vatanga muhabbat ramzi ekanligini ta’kidladi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi xalqimiz ma’naviyati, birligi va Vatanga muhabbatini ifodalovchi muqaddas ramz hisoblanadi. Tadbirda mavzu yuzasidan ishtirokchilar o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, madhiyada ifoda etilgan har bir so‘z fuqarolarning hayoti va qalbida muhim o‘rin egallashiga to‘xtalib o‘tdi.
– Davlat madhiyasi xalqimizning g‘ururi, ozod va obod Vatan barpo etish yo‘lidagi qat’iy irodasi, birlik va hamjihatligining timsolidir. Har bir musiqiy qo‘shiq va satrda milliy qadriyatlarimiz, xalqimiz ma’naviyati va kelajakka ishonch aks etadi. Shu bois, madhiya nafaqat rasmiy bayramlarda, balki har bir o‘zbekistonlikning qalbida ham alohida ahamiyatga ega. Aytish kerakki, “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu madaniy-ma’rifiy tadbir ishtirokchilar uchun har jihatdan foydali bo‘ldi. Ular bu jarayonda o‘z bilim va salohiyatini ham sinab ko‘rdi, – dedi Z.Ahmedova.
Shundan so‘ng vazirlik xodimlari orasida turli ma’naviy va intellektual musobaqalar ham o‘tkazildi. “Jadidlar merosini o‘rganish” mavzusidagi ommaviy diktant tadbiri ishtirokchilarning tarixiy bilimlarini sinash imkonini berdi. Shuningdek, “Eng ifodali she’r” va “Maqollar bilimdoni” tanlovlari g‘oliblari esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA