Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ulug‘ shoir tavallud kuni keng nishonlandi
10:31 / 2021-02-10

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘idagi Adiblar xiyoboni doimo adabiyot muxlislari bilan gavjum.

    9 fevral kuni ushbu muazzam maskan she’riyat ixlosmandlari, keng jamoatchilik vakillari, yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunoslar, talaba-yoshlar bilan yanada gavjumlashdi.  

    Ulug‘ mutafakkir shoir bobomiz tavalludining 580 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir sahardan odamlarni o‘ziga chorladi. Ma’naviyatga, ilm-fanga, ma’rifat va adabiyotga, kitobxonlikka ko‘rsatilayotgan e’tibor Alisher Navoiy merosini o‘rganish, uni xalqqa yanada yaqinlashtirishdek ezgu tashabbuslarda ham o‘z ifodasini topayotir. Ertalabdanoq tabarruk bu maskanda she’rxonlik, g‘azalxonlik, adabiy suhbatlar, gurunglar avj oldi.

    O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid mamlakatimizda keyingi yillarda Alisher Navoiy merosini o‘rganish yanada kengroq quloch yoyganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan shoirning 580 yillik tavallud sanasi mamlakatimizda o‘zgacha ko‘tarinkilik, bayramona kayfiyat bilan nishonlanmoqda. Prezidentimizning tegishli qarori asosida joriy yil yakuniga qadar Alisher Navoiy ijod maktabi, xalqaro jamoat fondi, ordenini ta’sis etish bo‘yicha tashabbuslar ilgari surildi. Shu bilan birga, Navoiy ijodini puxta o‘rganish va ommalashtirish yuzasidan ko‘plab amaliy ishlar jadal yo‘lga qo‘yildi. Zero, ma’naviy jabhalarda kechayotgan yangilanish jarayonlarida Hazrati Alisher Navoiyning boy va bebaho merosi ustuvor o‘rin egallashi, shubhasizdir.

    Tantanali tadbirda Afg‘oniston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Holid Elmiy Alisher Navoiy o‘zining o‘lmas asarlari, ularda tarannum etilgan ezgu g‘oyalar bilan nainki o‘zbek xalqi, balki butun dunyo xalqlariga taalluqli bo‘lgan benazir shoir, ulug‘ mutafakkir ekanini ta’kidladi. Ayni paytda butun dunyoda bo‘lgani kabi Afg‘onistonda ham Alisher Navoiyning adabiy merosini o‘rganish, uning ijodini yanada ko‘proq targ‘ib etish, dahoning xotirasiga ehtirom ko‘rsatish borasida ko‘plab amaliy ishlar hayotga joriy etilayotgani e’tiborlidir.

    Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, navoiyshunos olim Shuhrat Sirojiddinov, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, tarjimon, professor Xurram Rahimov, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toyir davlatimiz rahbarining mamlakatimizda yaratilayotgan yangi O‘zbekistonning mafkurasi ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyasi bo‘lishi, mafkura deganda, avvalo, fikr, milliy va umuminsoniy qadriyatlar tarbiyasi tushunilishi, ular xalqimizning necha ming yillik hayotiy tushuncha va qadriyatlariga asoslangan bo‘lmog‘i kerakligiga oid da’vatlari to‘g‘risida so‘zladi.  

    Ezgulik, odamiylik, gumanizm g‘oyalari esa Alisher Navoiy asarlaridagi bosh g‘oyani tashkil etishi dunyo olimlari tomonidan e’tirof etilmoqda. Shu bilan birga, sabrli, hayoli, insof-diyonatli bo‘lishni o‘ziga shior bilgan Alisher Navoiy umri davomida bu aqidalarga qat’iy amal qilgani barchamiz, butun bashariyat uchun ibratlidir. Zero, yurtimizda milliy ruhni kuchaytirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholining keng qatlamlari jamiyatdagi ulkan bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlariga ongli ravishda qo‘shilishini ta’minlashga oid qamrovi ulkan tadbirlar Navoiy g‘oyalarining xalqimiz qalbidan chuqur joy olishini taqozo etadi.  

     Tadbirda xorijlik navoiyshunos olimlar ham o‘z fikr-mulohazalarini masofaviy tarzda bildirish imkoniga ega bo‘lishdi. Jumladan, eronlik navoiyshunos, “Do‘stlik” ordeni sohibi Muhammadzoda Husayn Siddiq Navoiy asarlari butun dunyoda bo‘lgani kabi Eronda ham katta qiziqish bilan o‘rganilishini ta’kidlab, sohaga doir tadqiqotlari, mehnatu izlanishlari yuksak qadrlangani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan g‘oyat minnatdor ekanini bildirdi.  

   Turkiyalik olim O‘rxan Kurto‘g‘li Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi doirasida Alisher Navoiy nomidagi mukofotni ta’sis etish borasidagi tashabbuslarga yuksak baho berishi barobarida O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy jabhalardagi jadal islohotlar Navoiy ulug‘lagan ezgu g‘oyalarga hamohang ekanini alohida e’tirof etdi.

Ozarbayjonlik navoiyshunos olim Ramiz Asqar Navoiy barcha janrlarda yuksak mahorat bilan, ham mukammal, ko‘p va xo‘p, samarali ijod etgan so‘z san’atkori ekanini e’tirof etgan bo‘lsa, bolgariyalik yozuvchi va tarjimon Mariya Filippova-Hoji o‘zbekistonliklarning g‘oyat boy millat ekani, bu xazina Navoiyning adabiy merosida ham o‘z ifodasini topganini samimiyat va havas bilan so‘zladi.  

     Tantanali tadbirda O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov Navoiy ijodidan namunalar o‘qidi. O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva ijrosida Navoiy g‘azali bilan kuylanuvchi mashhur “Munojat” ashulasi tantanaga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.  

    Tadbir ishtirokchilari Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘ydilar.

    Tantanada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari Xayriddin Sultonov, Abdujabbor Abduvohidov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Behzod Musayev ishtirok etdi.

 ********************

    Poytaxtimizning Navoiy ko‘chasidagi Adiblar xiyobonida, shuningdek, shoir nomi bilan yuritiluvchi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ham ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

       – Alloma tavalludiga bag‘ishlangan tadbirlar bir-ikki kun bilan chegaralanmasdan yil davomida nishonlanishi ko‘zda tutilgan, – dedi O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, tilshunos olim Nizomiddin Mahmudov. – Garchi asosiy tadbirlar shu yilning noyabr oyida o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, yil davomida Navoiy ijodiyotiga oid anjumanlar, muloqotlar, yig‘inlar, qiziqarli suhbatlar o‘tkaziladi. Qolaversa, mutafakkir asarlarini nashr etish, bu boradagi tadqiqotlarni chop etish, tafsirini tayyorlash, ommaviy sharhlar bo‘yicha elektron platforma yaratishga jiddiy ahamiyat qaratilmoqda.  

    – Navoiy asarlarining jahonda qiziqish bilan o‘qilishining asosiy sababi uning qahramonlari turli mamlakat, turli millat vakillaridir, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir va tarjimon Nikolay Ilin. – Shoir o‘z misralari orqali barchaga murojaat etib, odamlarni ezgulikka undaydi. Asarlarida aks ettirilgan syujetlar, voqeliklar g‘oyat rang-barang. Shu sababli jahon Navoiy asarlariga qayta-qayta murojaat etaveradi. Bundan ikki yilcha avval uyushmada tashkil etilgan xalqaro anjumanning katta qismi ulug‘ shoir asarlarini boshqa tillarga tarjima etish masalasiga bag‘ishlangandi. Hozir Navoiy asarlari jahonning ko‘plab tillari kabi rus, ukrain, belarus tillariga ham yanada faol tarjima qilinmoqda.  

    Mushoira tarzida o‘tkazilgan tadbirda alloma shoir bobomiz ijodidan namunalar o‘qildi. Dilbar kuy-qo‘shiqlar yangradi. Bu kabi adabiy gurunglar, anjuman va davra suhbatlari mamlakatimizning barcha go‘shalarida bo‘lib o‘tdi.  

Nazokat USMONOVA,O‘zA