Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ulug‘ shoir ijodiga bag‘ishlandi
10:53 / 2026-02-16

Jizzax viloyatida ulug‘ sarkarda, davlat arbobi va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan qator ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Ularda buyuk ajdodimizning serqirra faoliyati, boy adabiy merosi hamda davlatchilik an’analari taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi atroflicha yoritildi.

Jizzax garnizonida joylashgan harbiy qismda Paxtakor tumani hokimligi hamda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Zahiriddin Muhammad Boburning hayot yo‘li, ilm-ma’rifat va adolatli davlat boshqaruviga asoslangan siyosiy faoliyati xususida mazmunli ma’ruzalar tinglandi.  

Ta’kidlanganidek, Bobur nafaqat yirik sarkarda, balki yuksak tafakkur va nozik did sohibi bo‘lgan ijodkor sifatida ham jahon tamaddunida o‘chmas iz qoldirgan.

Tadbir davomida Bobur qalamiga mansub g‘azal, ruboiy va she’rlar ifodali o‘qilib, sahna ko‘rinishlari va badiiy kompozitsiyalar orqali uning siymosi ta’sirchan tarzda gavdalantirildi.  

Shuningdek, Jizzax shahridagi Yoshlar innovatsion markazida Jizzax ixtisoslashtirilgan san’at maktabi tomonidan “Nazm va navo” kechasi tashkil etildi. Unda o‘qituvchi va o‘quvchilar tomonidan Bobur g‘azallari va qo‘shiqlari jonli ijro etildi. “Aktyorlik san’ati” yo‘nalishi o‘quvchilari namoyish etgan sahna ko‘rinishi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Tadbir yakunida bunday ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri