Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ulug‘ san’atkor xotirasi yod etildi
15:05 / 2021-10-08

Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida bastakor, hofiz va pedagog Fattohxon Mamadaliyev xotirasiga bag‘ishlangan maqom kechasi bo‘lib o‘tdi.

San’atkorlar, san’at ixlosmandlari, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etgan tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va boshqalar O‘zbekiston xalq xofizi, professor, qo‘shiqchilik san’ati ashula, katta ashula va maqom yo‘nalishlarining bilimdoni, o‘zbek mumtoz kuy va qo‘shiqlarining mohir ijrochisi marhum Fattohxon Mamadaliyevning hayoti, ijodiy faoliyati hamda yuksak insoniy fazilatlari  haqida gapirdi.  

Fottohxon Mamadaliyev 1923 yilda Baliqchi tumanida tavallud topgan. U o‘zbek milliy cholg‘ulari – gijjak, tanbur, dutor chalishning mohir ustasi edi. Ashula, katta ashula va maqom yo‘llarini Umrzoq Polvon Saydali,  Ro‘zimatxon Isaboyev, Abdulla Taraz, Jo‘raxon Sultonov, Yunus Rajabiy singari qo‘shiqchilik san’ati darg‘alardan o‘rgangan.  

[gallery-4207]

Ustoz san’atkor turli yillarda Andijon viloyatidagi turli teatrlarda sozanda, xonanda, Andijon pedagogika institutida o‘qituvchi, Andijon shahri madaniyat uyi maqomchilar ansamblining tashkilotchisi va badiiy rahbari, O‘zbek davlat filarmoniyasi xonandasi, Toshkent konservatoriyasi o‘qituvchisi sifatida samarali faoliyat yuritgan.  

Uning repertuaridan joy olgan Farg‘ona - Toshkent maqom yo‘llari, Shashmaqom, ashula, katta ashula, yalla turkumidagi "Ol xabar", "Ey dilbari jonon", "Buzruk I—III", "Saraxbori Navo", "Ey, sabo", "Oqibat", "Sog‘indim", "Dardi dilim", "Do‘st bilan, ulfat bilan", "Intizor" singari qo‘shiqlar, shuningdek, "Munojot ", "Miskin ", "Nasrulloyi", "Ushshoq" turkumidagi kuylarning nozik jilolar bilan sayqallashtirilgan namunalari o‘zbek qo‘shiqchilik va musiqa san’atining o‘lmas durdonalariga aylangan. Shuningdek, u besh qismli “Savti Fattohxon” ashula turkumini bastalagan, “Qadimgi ushshoq”, “Umrzoq Polvon ushshog‘i”, “Zikri ushshog‘i” maqom yo‘llarini tiklagan.

Fattohxon Mamadaliyev turli yillarda "Mehnat shuhrati" (1992), "El-yurt hurmati" (1998) ordenlari bilan taqdirlangan.

Ulug‘ san’atkor xotirasiga bag‘ishlangan maqom kechasida yangragan kuy va qo‘shiqlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.  

 

F. UBAYDULLAEV,

Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA