Jahon ilm-fani va tamaddunining beshigini tebratgan buyuk allomalarning vorisimiz. Shukrki, bizning zamonamizda ham xalqaro miqyosda e’tirof etilgan olimlarimiz bo‘lgan va bor. Shunday olimlardan biri Turkiston jadidchilik harakati va jadid adabiyotini o‘rganish bo‘yicha benazir tadqiqotlar muallifi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, filologiya fanlari doktori, professor Begali Qosimovdir.
Bu yil olim tavalludiga 80 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan Begali Qosimovning uch jildlik “Tanlangan asarlar”i nashr etildi. Joriy yilning 19 dekabr kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti bilan hamkorlikda adabiy -ma’rifiy tadbir va mazkur kitoblar taqdimoti o‘tkazildi. Tabdirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid bugungi kunda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida adabiyotga, ma’naviyatga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani haqida so‘zladi. Adabiyotimiz rivojiga katta hissa qo‘shayotgan ijodkorlar jamiyatda eng hurmatli insonlar sifatida e’zozlanayotgani, marhum olimlar, shoiru adiblar xotirasiga ehtirom bildirilayotganini alohida ta’kidladi.

– Bugun davlatimiz rahbari O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatiga alohida rag‘bat ko‘rsatayotir, – dedi o‘z so‘zida uyushma raisi Sirojiddin Sayyid. – Katta olimimiz, dunyo tan olgan adabiyotshunos Begali Qosimov asarlari uch jildligining nashri ham ana shu rag‘bat va e’tibor natijasidir. Bu kitoblarda o‘tmish adabiyotimiz, xususan, jadid adabiyoti haqidagi nodir ma’lumotlar, teran ilmiy tafakkur natijasi bo‘lgan qarashlar o‘z ifodasini topgan. bugungi yoshlarimiz, navqiron ijod ahli ularni o‘qishi va uqishi, bu kitoblardan ma’rifat va ziyo olishi kerak.

Tadbirda filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov ulug‘ olim ilmiy merosining bugungi kun uchun ahamiyati to‘g‘risida ma’ruza qildi. Adabiyotshunos olimlar Shuhrat Rizayev, Bahodir Karimov, Olim To‘laboyev, Zuhriddin Isomiddinov hamda olimning ukasi Shomurod Qosimov so‘zga chiqib, Begali Qosimovning olim, muallim va odam sifatidagi fazilatlari xususidagi qiziqarli va ta’sirli xotiralarini so‘zladilar.
Olim ilmiy merosiga bag‘ishlangan tadbirlar 20 dekabr kuni Qarshi Davlat universitetida davom etdi. Tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari, viloyat yozuvchi va shoirlari hamda talaba yoshlar ishtirok etdi. Poytaxtdan tashrif buyurgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, filologiya fanlari doktorlari Nurboy Jabborov, Qozoqboy Yo‘ldoshev, mashhur tibbiyot olimi va adib Jumanazar Beknazar, adabiyotshunos Olim To‘laboyev, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari G‘ulom Abdiyev va keng jamoatchilik vakillari Begali Qosimovning xalqimizga ma’rifat ziyosini ulashish borasida qilgan xizmatlari, o‘zbek adabiyotining qadimgi davridan XX asr oxirigacha bo‘lgan adabiy-tarixiy jarayonlarni qamrab olgan ilmiy tadqiqotlari, ustozlik maqomi va insoniy fazilatlari haqida so‘zladilar.

– Begali Qosimov jadid adabiyoti namoyandalari merosini ilmiy-nazariy jihatdan tahlil va tadqiq etdi, – dedi o‘z so‘zida professor Nurboy Jabborov. – Jadidchilik va jadid adabiyotining umumiy va xos tomonlarini belgiladi. Rusiya va jahon taraqqiyparvarlik harakatlari bilan aloqasini aniqladi. Jadidchilikning milliy g‘oya, yangilangan ijtimoiy tafakkur shakllanishidagi hamda milliy ozodlik, istiqlolchilik harakatlarining maydonga kelishidagi roli va o‘rnini, bularning o‘zbek milliy uyg‘onish adabiyoti bilan o‘zaro hamkorlikdagi taraqqiyotini ko‘rsatib berdi. O‘zbek jadid adabiyotini o‘rganish bo‘yicha o‘z an’analari, tadqiq usullariga ega bo‘lgan xalqaro miqyosda tan olingan ilmiy maktab yaratdi. Olimning jadidchilik haqidagi tadqiqotlari chet ellarda ham e’tibor qozondi, e’tirof etildi. Amerika, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Yaponiya, Rossiya, Koreya, Ukraina, Afg‘oniston, Eron, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ham asarlari chop etildi, kitoblariga taqrizlar yozildi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan shu yil 21 dekabr kuni atoqli olim tavallud topgan Kasbi tumani Denov qishlog‘ida Begali Qosimov uy-muzeyi ochildi. Uy-muzeyidan Begali Qosimovning shaxsiy buyumlari va hujjatlari, olim hayoti va ilmiy faoliyatidan hikoya qiluvchi nodir eksponatlar hamda mo‘’jaz kutubxona o‘rin olgan.

Tadbirda poytaxtdan kelgan adiblar va adabiyotshunos olimlar, ziyolilar va shoirning farzandlari so‘zga chiqib, uy-muzeyining Begali Qosimov xotirasini abadiylashtirishda va yosh avlod ma’rifatining yuksalishida tutgan o‘rni katta bo‘lajagi haqida so‘zladilar.
– Kasbi tumanidan o‘tmishda ham juda ko‘p allomalar yetishib chiqqan, - dedi o‘z so‘zida viloyat hokimining o‘rinbosari Alisher Zokirov. – Ana shu olimlar silsilasida Begali Qosimovning o‘rni alohida. Olimning uy-muzeyi bugungi yoshlarimiz qalbida ilmga intilishni kuchaytirishda, ularning chinakam vatanparvar bo‘lib yetishishida katta rol o‘ynaydigan ma’rifat maskani bo‘lib qolishiga ishonamiz.

Yangi O‘zbekiston bugungi kunda Uchinchi Renessans sari dadil odimlayotganiga dunyo hamjamiyati guvoh bo‘lib turibdi. Begali Qosimov kabi chinakam vatanparvar, millatparvar olimlar ilmiy merosi jamiyatni olg‘a intilishga, taraqqiyot bilan hamqadam bo‘lishga da’vat etadi. Vatandoshlarimizni ana shu hayotbaxsh g‘oya atrofida birlashtiradi, ulug‘ maqsad yo‘lida yosh avlodga g‘ayrat va shijoat bag‘ishlaydi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, o‘zbek adabiyoti va adabiyotshunosligi rivojiga munosib hissa qo‘shgan fidoyi olim Begali Qosimov nomi xalqimiz qalbida abadiy yashaydi. Olimning yuksak ilmiy-ijodiy tafakkur va qalb qo‘ri bilan yaratilgan asarlari bundan keyin ham jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
G‘ulom Abdiyev,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Qashqadaryo viloyati bo‘limi rahbari
O‘zA