Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ulug‘ baxshi avlodi bilan ijodiy muloqot
14:26 / 2025-12-19

Guliston davlat universitetida yosh qalblarni adabiyotga oshno etish, ijodiy fikrlashni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan ijodiy uchrashuvda avlodlar orasidagi ma’naviy bog‘liqlik yaqqol namoyon bo‘ldi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi universitet Boshlang‘ich tashkiloti qoshida faoliyat yuritayotgan “Mushoira” klubi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda ulug‘ baxshi-shoir Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining evarasi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Ma’rifat va yoshlar” gazetasi bosh muharriri, “Ma’naviyat fidoyisi” ko‘krak nishoni sohibi Alisher Nur ishtirok etdi.

Samimiy muloqot davomida ijodkor o‘z hayot yo‘li, adabiyotga kirib kelish sabablari, she’riyat va publitsistikaning jamiyat hayotida tutgan o‘rni haqida so‘zladi. So‘zning qudrati, ma’naviyat va vatanparvarlik ruhi bilan sug‘orilgan fikrlar talabalar qalbiga yo‘l topdi.  

Uchrashuvda Ishlab chiqarish texnologiyalari fakulteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari Elyor Anorqulov ham ishtirok etib, bunday tadbirlar yoshlarning ma’naviy kamoloti va ijtimoiy faolligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. “Mushoira” klubi faoliyatini yanada kengaytirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar bildirildi.

Ma’lumki, Alisher Nur 1974 yil Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanida tug‘ilgan. Bolalik yillari Sirdaryo viloyatining Mehnatobod (hozirgi Xovos) tumanida o‘tgan ijodkor bugun Guliston shahrida istiqomat qilib, ijodiy faoliyat olib bormoqda. Uning “So‘z sehri”, “Ishq sahrosi”, “Sog‘inch tilsimi”, “Sardoba sadosi”, “Baxshiyona ohanglar” kabi she’riy kitoblari kitobxonlar qalbidan joy olgan.

Ijodiy uchrashuv yakunida talabalar o‘z ijod namunalarini o‘qib eshittirdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi.  

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri