Buyuk temuriy sarkarda, boburiylar sulolasining asoschisi, shoh va shoir, ulkan salohiyat va yuksak madaniyat sohibi Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligi keng nishonlanmoqda.
Boburning hayoti va ijodi haqida to‘xtalar ekanmiz, shu o‘rinda mashhur muarrix Mirzo Haydarning aytganlari yodimizga keldi: ” Turkiy she’rni Amir Alisherdan keyin hech kim Bobur yozgan darajada yozgan emas.” Bobur 18-19 yoshidan boshlab yozgan g‘azal va ruboiylari, ilmiy-badiiy asarlari va, ayniqsa, 35 yoshida yozib tugatgan bebaho “ Boburnoma”si bilan dunyo adabiyoti olamini zabt etdi.
Aslida ulug‘ shoirimizning g‘azallari, har bir satridan ajib bir ohang taralib, umri adoqsiz Vatan sog‘inchi, dardiyu alami bilan o‘tgan ozurda jonning nidolari yangrab turgandek bo‘laveradi:
“ Xating aro uzoring sabza ichinda lola,
Ul chashmi purxumoring loladag‘i g‘azola
Barcha parilar, ey jon, girdingda zoru hayron,
Go‘yo erur namoyon oy tegrasida hola...”
Biz har tomonlama mukammal sifatlarga ega, o‘zi Andijonda tug‘ilib, Hindistonda yashashga majbur bo‘lgan, lekin o‘zining ulug‘ insoniy fazilatlari bilan hindistonliklarning ham mehri-ishonchini qozongan, deyarli uch yarim asr davom etgan Boburiylar davlatchiligiga asos solgan ajdodimiz Mirzo Bobur bilan haqli ravishda faxrlanamiz.
Uning qat’iyati, jasorati, matonati, g‘ayrat-shijoati, beqiyos ilmiy salohiyati, chuqur tafakkuri, yuksak ma’naviyati, madaniyati bizga hamisha ibrat bo‘lishi kerak.Samimiy tuyg‘ular kuychisi, Vatan sog‘inchining dardli alamlarini betakror satrlarga javohirlardek joylagan buyuk qalb egasi xalqimizning faxri, g‘ururi bo‘lib qolaveradi.
Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri.
O‘zA