O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Turkiston qo‘rboshilarining vatanparvarligi va jasorati” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjuman yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ajdodlarimizning ko‘rsatgan jasorati hamda qahramonliklaridan xabardor qilish, tarixiy bilimlarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.


Unda Milliy ozodlik harakatlarida Ibrohimbek, Shermuhammadbek, Madaminbek, Xolxo‘ja Eshon, Ibrohim Laqay, katta-kichik Ergashlar kabi ko‘plab qo‘rboshilar so‘nggi nafaslari qolgunicha kurash olib borishgani hamda tarixning soxta talqini avlodlarni yo‘ldan adashtirishi mumkinligi xususida to‘xtalib, o‘tmishda ajdodlarimiz ko‘rsatgan jasoratlari yosh avlodga o‘rnak bo‘lishi ta’kidlandi.



“Qo‘rboshilar – Turkiston mustaqilligi va ozodligi uchun kurashchilar”, “Istiqlolchilar harakatining o‘rganilish tarixshunosligi”, “Lashkarboshi Ibrohimbek faoliyati va uning fojiali taqdiri” hamda “Turkiston istiqlolchiligida Madaminbekning o‘rni” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
Anjuman doirasida badiiy va tariximizga oid kitoblar yarmarkasi tashkil etildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA