Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ulug‘ adib asarlari targ‘ib etildi
12:44 / 2025-12-22

Andijon davlat pedagogika institutida “Uzoqdan charaqlagan yulduz – Aytmatov merosi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda “Chingiz Aytmatov asarlari bilimdoni” bellashuvi bo‘lib o‘tdi.

Institutning Filologiya fakulteti qirg‘iz tili ta’limi kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tadbirda institut  professor-o‘qituvchilari, talabalari ishtirok etdi. 

– Tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad qirg‘iz xalqining ulug‘ yozuvchisi, jahon adabiyotining yorqin namoyandasi Chingiz Aytmatov ijodiy merosini o‘rganish va  keng targ‘ib etish bo‘ldi, – deydi institut qirg‘iz tili ta’limi kafedrasi mudiri, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa (PhD) doktori Mahbubaxon Temirova. – Qolaversa, talaba yoshlar ongida adabiyot orqali insonparvarlik, yuksak tafakkur va ma’naviy yetuklik, millatlararo do‘stlik g‘oyalarini mustahkamlashga qaratildi. 

Tadbirda ulug‘ adib ijodiy merosining ahamiyati, asarlarida tarannum etilgan yuksak insoniy fazilatlar, uning yirik jamoat arbobi sifatidagi faoliyati, turli xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashga qo‘shgan beqiyos xizmatlari haqida so‘z yuritildi. 

Shuningdek, tadbirda yozuvchining she’riy so‘zlariga bastalangan “Issiq ko‘lni sog‘inish” qo‘shig‘i hamda “Birinchi muallim” asaridan Oltinoy monologi talabalar tomonidan mahorat bilan ijro etildi. Akademik mobillik dasturi asosida Andijon davlat pedagogika institutida tahsil olayotgan Qirg‘iziston davlat universiteti talabalarining Chingiz Aytmatovga bag‘ishlangan she’rning chiroyli o‘qib berishlari barchaning olqishiga sabab bo‘ldi. 

Tadbir doirasida “Tezkor savol-javob”, “Asarlar tahlili” hamda “Sirli sandiq” shartlari asosida institut talabalaridan tuzilgan uch jamoa o‘rtasida “Chingiz Aytmatov asarlari bilimdoni” bellashuvi tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.  

Talabalar Chingiz Aytmatov asarlaridagi g‘oya va obrazlarni chuqur tahlil qilib, o‘z bilim va ijodiy salohiyatlarini namoyon etdi.

Bellashuv davomida jamoalarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan baholanib borildi. Yakunda qirg‘iz tili ta’limi yo‘nalishi talabalarining “Yetining biri” jamoasi 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. 

Tanlovning g‘olib va sovrindorlari institut rahbariyati tomonidan munosib rag‘batlantirildi. 

Ushbu tadbir talabalarning ulug‘ adib hayoti, faoliyati, o‘lmas asarlari haqidagi bilimlarini boyitishga xizmat qildi. 

F.Ubaydullayev,

Z.Umrzoqov (surat),

O‘zA muxbirlari.