Ultra tovush – saratonni jarrohliksiz davolashda yangi davr
Ilm-fan saratonni tovush yordamida davolash yo‘lini topdi. Michigan universiteti olimi Jen Syu tasodifan kashf etgan "xistotripsiya" usuli yuqori chastotali ultra tovush to‘lqini bilan o‘simtani parchalab, yo‘q qiladi. Natijada bemor jarrohlik amaliyotisiz, og‘riqsiz sog‘ayadi.
Allaqachon AQSH va Buyuk Britaniyada tasdiqlangan bu texnologiyaning jigar o‘simtasiga qarshi samaradorligi 95 foizni tashkil etmoqda. Jarayon payti tovush to‘lqini mitti pufakchalar hosil qilib, o‘simta to‘qimasini yo‘q qiladi, organizm esa yara joyini tabiiy yo‘l bilan tozalaydi.
Tadqiqotchilar endi bu usulni saratonning boshqa turlari, jumladan buyrak va oshqozon osti bezi o‘simtasiga ham qo‘llash ustida ishlamoqda. Mutaxassislar ultra tovushni radiatsiya va immunoterapiya bilan birlashtirish orqali rakni yanada samarali, xavfsiz davolash mumkinligiga ishonmoqda.
– Saraton dahshatli muammo, kasallikni davolash yanada og‘ir jarayon, – deydi professor Syu. – Biz esa sog‘ayish sari og‘riqsiz yo‘lni topdik.
Musulmon Ziyo, O‘zA