Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Uloq Andijonlik chavandozlarga ketdi
20:56 / 2019-12-30

Namanganda yigirma yillik tanaffusdan soʻng ilk marotaba uloq-koʻpkari boʻyicha mamlakat chempionatiga start berilgan edi.


Namanganda yigirma yillik tanaffusdan soʻng ilk marotaba uloq-koʻpkari boʻyicha mamlakat chempionatiga start berilgan edi. Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Sirdaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent, Fargʻona, Qashqadaryo viloyatlari hamda Toshkent shahridan oʻn ikki jamoa chavandozlari uch kun davomida maydonga ot solgan musobaqalar uloq-koʻpkarida eng mahoratli jamoani aniqlab berdi.

Ajdodlarimizdan bizga meros boʻlib kelayotgan qadimiy ot sporti oʻyinlaridan biri boʻlgan uloq-koʻpkari yigitlar qalbida mardlik va vatanparvarlik, chaqqonlik hamda dovyuraklik fazilatlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda ot sportini rivojlantirish va ommalashtirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor, Prezidentimiz tomonidan bu borada qabul qilingan farmoyish va qarorlar, koʻrilayotgan chora-tadbirlar zamirida ana shunday ezgu maqsad mujassam.

Namangan mezbonlik qilgan uloq-koʻpkari chempionati 2019-yil sporti solnomasini oʻziga xos sahifalar bilan yopdi. Kirib kelayotgan 2020-yil arafasida oʻtkazilgan mazkur musobaqa, ayniqsa ot sporti muxlislari uchun munosib Yangi yil tuhfasi boʻldi.

Musobaqaning birinchi kuni maydonga tushgan jamoalar quyidagi natijalarga erishdi: Andijon-Namangan-2 5:0, Fargʻona-Namangan-1 1:0, Buxoro-Sirdaryo 1:3, Toshkent-Qashqadaryo 8:1, Andijon-Jizzax 1:0, Namangan-1-Surxondaryo 1:4.

Ikkinchi kungi bellashuvlar esa oʻyinlar Navoiy-Sirdaryo 1:1, Samarqand-Qashqadaryo 3-0, Namangan-Jizzax 3-2, Fargʻona-Surxondaryo 2-2, Buxoro-Navoiy 3-2, Samarqand-Toshkent 1-6 natijalari bilan yakunlandi.

Yarim finalda Surxondaryo va Toshkent viloyati, Sirdaryo va Andijon viloyatlari chavandozlari oʻrtasida final yoʻllanmasi uchun kechgan musobaqalar yakuniga koʻra finalda Andijon va Toshkent viloyati jamoalarini roʻpara qildi.

Final oʻyinlarining birinchi boʻlimi 4:0 hisobida andijonliklar foydasiga hal boʻldi. Akmaljon Ibragimov, Dostonbek Toʻychiyevlar bir martadan, Ilxomjon Ergashev ikki marta kuragi yerga tegmay kelayotgan toshkentliklarni oʻyinni markazdan boshlashga majbur etdi.

Ikkinchi boʻlimda Toshkent viloyati chavandozlari oʻyin surʼatini keskin oʻzgartirib soʻngi daqiqalarda 4:4 hisobida tenglashdi. Ammo andijonliklar yakuniy hisobda 5:4 natija bilan gʻalaba qozondi.

Ikkinchi oʻrinni Toshkent viloyati jamoasi, uchinchi oʻrinni Sirdaryo viloyati vakillari egalladi.

Gʻolib va sovrinidorlar, nominatsiyalar gʻoliblari oltin, kumush va bronza medallari va katta miqordagi pul mukofoti, esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.