Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ulkan zafar muborak!
17:02 / 2014-07-16

Mamlakatimiz g‘allakorlari 8 million 50 ming tonnadan ziyod g‘alla yig‘ishtirib, yillik shartnoma majburiyatini ortig‘i bilan ado etdilar. 

Mamlakatimiz g‘allakorlari 8 million 50 ming tonnadan ziyod g‘alla yig‘ishtirib, yillik shartnoma majburiyatini ortig‘i bilan ado etdilar. Bu ulkan xirmon Vatanimiz mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga munosib to‘yona bo‘ldi.

Azal-azaldan el farovonligi, oilalar qut-barakasi bug‘doyning, nonning serobligi bilan belgilanadi. Don mo‘lligi ko‘zning, ko‘ngilning to‘qligidir.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilgan tub islohotlar samarasida mamlakatimiz g‘alla eksport qiladigan davlatlar qatoriga kirdi. Qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlari joriy etilgani, yerga ishlov berish rivojlangani, fermerlik harakatiga keng yo‘l ochilgani, dehqonlarning dunyoqarashi, mehnatga munosabati o‘zgargani tufayli g‘alla yetishtirish yildan-yilga ko‘payib bormoqda.

Bugun fermerlar o‘zini yerning, mulkning haqiqiy egasi, deb his qiladi. Qancha ko‘p mehnat qilsa, mo‘l hosil yetishtirsa, bundan avvalo o‘zi manfaat ko‘rishini yaxshi biladi. Bu ularni yanada g‘ayrat va mas’uliyat bilan ishlashga, hosildorlikni izchil oshirishga undamoqda.

galla1.jpg
Bu yil yurtimiz dalalarida o‘rtacha 55 sentnerdan hosil olindi. Ilg‘or xo‘jaliklarda bu ko‘rsatkich 90 sentnerdan oshdi. 1991-yilda o‘rtacha hosildorlik 17 sentnerni tashkil qilgani, mamlakatimiz bo‘yicha jami 940 ming tonna g‘alla yetishtirilganini tasavvur etadigan bo‘lsak, mustaqillik yillarida bu borada naqadar ulkan o‘sishga erishilgani ayon bo‘ladi.

Dehqonchilik uchun qulay kelgan yilning o‘zi yo‘q. Bu yilgi mavsumda ham g‘allakorlarimiz turli tabiat sinovlarini yengib o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Omilkor fermerlarimiz o‘z vaqtida zarur choralar ko‘rgani, zamonaviy agrotexnologiyalardan samarali foydalangani natijasida mo‘l hosil yetishtirildi.

O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan ma’lum qilishlaricha, navlarni tanlashda har bir viloyatning o‘ziga xos tuproq-iqlim sharoiti hisobga olinib, sug‘oriladigan yerlarda boshoqli don yetishtirish agrotexnikasini takomillashtirish g‘allaning sifat va iste’mol xususiyatlarini yanada oshirmoqda. Serhosil, kasalliklarga chidamli navlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilayotir. Jumladan, olimlarimiz yaratgan “Chillaki”, “Durdona”, “Andijon-2”, “Andijon-4”, “Bobur”, “Asr” va “Turkiston” kabi o‘ndan ziyod mahalliy nav hosildorlikni yanada oshirish imkonini bermoqda.

Bularning barchasi yurtimizda non to‘kinligi, xalqimiz dasturxonida bu aziz ne’mat mo‘l bo‘lishini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, g‘allachilik rivoji chorvachilik va parrandachilik kabi tarmoqlarga ham ijobiy ta’sir etib, aholi ehtiyoji uchun zarur go‘sht, sut, tuxum kabi oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish hajmi yanada ortmoqda.

Bugun dunyoda bo‘layotgan voqea-hodisalarga teran nazar solsak, bu boradagi raqam va ko‘rsatkichlarning ahamiyati yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Ayrim mamlakatlarda oziq-ovqat, xususan, g‘allachilik sohasida jiddiy muammolar yuzaga kelib, non taqchilligi kuzatilmoqda.

galla.jpg
Ming shukrki, mamlakatimizda to‘kinlik, mo‘l-ko‘lchilik, arzonchilik barqaror. Bu agrar sohani isloh qilish, fermerlik harakatini rivojlantirish, oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni kengaytirish, har tomonlama sifatli g‘alla navlarini yaratish, bug‘doy hosildorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy qilish borasida amalga oshirilgan izchil islohotlar samarasidir.

Mehnatlari evaziga manfaatdorligi ortayotgan mirishkorlarimiz ayni kunlarda yetishtirilgan hosilni oxirigacha nest-nobud qilmay yig‘ishtirib olish, g‘alladan bo‘shagan maydonlarda somon poyalari va qoldiqlarini to‘plash hamda peshma-pesh shudgor qilish yumushlari bilan band.