Ulkan taassurotlar, aniq rejalar
Xalqaro investitsiyaviy forum ishtirokchilari 5-noyabr kuni Toshkent shahri, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlarida bo‘lib, hududlarning sanoat salohiyati, investitsiya kiritish taklif etilayotgan korxonalar faoliyati, xorijlik ishbilarmonlar uchun yaratilgan qulaylik va imtiyozlar bilan tanishdi.
Xalqaro investitsiyaviy forum ishtirokchilari 5-noyabr kuni Toshkent shahri, Samarqand, Navoiy va Buxoro viloyatlarida bo‘lib, hududlarning sanoat salohiyati, investitsiya kiritish taklif etilayotgan korxonalar faoliyati, xorijlik ishbilarmonlar uchun yaratilgan qulaylik va imtiyozlar bilan tanishdi.Toshkent shahrining iqtisodiy salohiyati juda yuqori. Mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotining qariyb 16 foizi, sanoat mahsulotlarining 18 foizi poytaxtimiz hissasiga to‘g‘ri keladi.
Toshkentda mashinasozlik, elektrotexnika, kimyo va neft kimyosi, oziq-ovqat, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmoqlari izchil rivojlanmoqda. Keyingi yetti yilda shahar iqtisodiyotiga yo‘naltirilgan 26 trillion 500 milliard so‘mlik, jumladan, 3 milliard 400 million dollarlik xorijiy investitsiyalar bu izchillikka qo‘shimcha sur’at bag‘ishladi. Shu davrda sanoat korxonalari 3 mingtaga ko‘payib, mahsulot ishlab chiqarish 3 barobar o‘sdi.
So‘nggi besh yilda poytaxtimizdagi 114 korxona va obyekt xususiy mulk shakliga o‘tkazilgani natijasida ularda mehnat va ishlab chiqarish samaradorligi oshdi.
Bu jarayon izchil davom etmoqda. Xalqaro investitsiyaviy forum doirasida Toshkent shahridagi qator korxonalarning bir qism aksiyalari xorijlik investorlarga taklif etilmoqda.
Toshkent traktor zavodining optimallashtirilgan maydonlarida tashkil etilgan “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” aksiyadorlik jamiyati ana shunday korxonalardan biridir. Bu yerda traktorlar, tirkama va paxta terish mashinalarining yangi modellari ishlab chiqarilmoqda.
– O‘zbekistonda sanoat izchil rivojlanmoqda, – deydi “Korea Conveyor” kompaniyasi vitse-prezidenti Chang Yob Li (Koreya Respublikasi). – Mashinasozlikka ixtisoslashgan ko‘plab korxonalarni ko‘rib, bunga ishonch hosil qildik. Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodidagi moddiy-texnik baza bizda katta taassurot qoldirdi. Zavod mutasaddilari bilan zamonaviy konveyyer texnologiyalarini o‘rnatish bo‘yicha muzokara o‘tkazdik va o‘zaro ahdlashuvga erishdik.
“Texnolog” aksiyadorlik jamiyati maxsus va nostandart uskunalarni tayyorlash, korxonalarni texnologik jihozlashga ixtisoslashgan ko‘p tarmoqli tashkilotdir. Xorijlik ishbilarmonlar bu yerda ham bo‘lib, korxona aksiyalariga ega bo‘lish, o‘zaro hamkorlikda ishlash bo‘yicha fikr almashdi.
“Foton” aksiyadorlik jamiyatida elektron va maishiy texnikalar, nazorat-kassa apparatlari, radioelektronika buyumlari ishlab chiqariladi. Joriy yilning 9 oyida korxonada 15,3 milliard so‘mlik mahsulot tayyorlanib, 1,8 million dollarlik tovar eksport qilingan.
– O‘zbekistonda chet ellik investorlar uchun keng imtiyozlar yaratilgan, – deydi “Soehnle Industrial Solutions GmbH” kompaniyasi ijrochi direktori Mixael Shleger (Germaniya). – Kompaniyamiz ixtisoslashgan soha – elektron texnika mahsulotlari ishlab chiqarish sanoatiga mablag‘ yo‘naltirmoqchi. “Foton” zavodi misolida ko‘rdikki, mamlakatingizda bu borada katta ilmiy-texnikaviy salohiyat bor. Bu yerda tayyorlanayotgan elektron tarozilar bizga juda yoqdi. Korxona bilan hamkorlikda mazkur ixtisoslikni yanada kengaytirib, kichik tarozilardan tortib tonnalarni o‘lchaydigan katta tarozilargacha ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdik.
Xorijlik investor va ishbilarmonlar poytaxtimizdagi “Oniks”, “O‘zneftgazqurilishinvest”, “Toshkent yog‘-moy kombinati”, “Suvsanoatmash”, “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatlari, “Aloqabank”, “Turonbank”da ham bo‘lib, uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.
Samarqand viloyatida shu yilning 9 oyida iqtisodiyotga jalb etilgan investitsiyalar hajmi 2 trillion 52 milliard so‘mni tashkil etdi. Sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi doirasida 297 loyiha amalga oshirildi. Joriy yil oxiriga qadar 538 milliard so‘mga teng investitsiya evaziga 120 yangi ishlab chiqarish korxonasi tashkil etish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda viloyatda xorijiy investitsiya ishtirokida 351 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilning to‘qqiz oyida viloyat iqtisodiyotiga 29,9 million dollar miqdorida xorijiy investitsiya kiritildi. Buning natijasida 16 yangi korxona tashkil etildi.
Xalqaro forum ishtirokchilari “Samarqandkimyo”, “Sino”, “Oxaliq Lomann Parranda” va “Samarqand vinokombinati” aksiyadorlik jamiyatlarida bo‘lib, mazkur sanoat korxonalari faoliyati va ishlab chiqarish jarayoni, mahsulot sifatini yuksaltirish va eksport hajmini oshirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan tanishdi.
– O‘zbekistonda barcha sohalar qatori yoqilg‘i-energetika tarmog‘i jadal rivojlanmoqda, – deydi “Acciona Infrastructure” kompaniyasining Sharqiy Yevropa va Osiyo mamlakatlari bo‘yicha direktori Xuan Xose Fernandes (Ispaniya). – Bu yo‘nalishda mamlakatingiz bilan hamkorlik ulkan samara beradi. Shu maqsadda biz “O‘zbekenergo” aksiyadorlik kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazdik. Neft-gaz, yoqilg‘i-energetika korxonalari uchun uskunalar o‘rnatish bo‘yicha hamkorlik qilishni rejalashtirmoqdamiz.
– O‘zbekiston ulkan sarmoyaviy salohiyatga ega mamlakat, – deydi “Innocepta Services and Consultante” kompaniyasi direktori Dipak Nareyn (Hindiston). – Bu yerga investitsiya kiritgan yutqazmaydi. Kompaniyamiz mamlakatingizda ishlab chiqarilayotgan to‘qimachilik mahsulotlarini chet elga, xususan, Hindistonga eksport qilish loyihasida faol qatnashish istagida. Kelgusida bu sohaga sarmoya kiritib, to‘qimachilik korxonasi tashkil etish niyatidamiz.
Forum ishtirokchilari Samarqanddagi qadimiy obidalarni tomosha qildi. Zamonaviy inshootlar, so‘lim bog‘lar, keng va ravon yo‘llar, bir so‘z bilan aytganda, qadim Samarqandning zamonaviy qiyofasi mehmonlarda hayrat va havas uyg‘otdi.
Boy tabiiy resurslar va yirik sanoat korxonalariga ega Navoiy viloyati mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutadi. Viloyatda xorijiy investitsiya ishtirokida tuzilgan 55 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.
Forum ishtirokchilari viloyatdagi yirik ishlab chiqarish obyektlaridan biri – “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyatida bo‘lib, korxona faoliyati, investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar bilan tanishdi.
Korxona yiliga 3 million tonnadan ziyod mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Joriy yilning to‘qqiz oyida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan sementning 42,8 foizi mazkur korxona hissasiga to‘g‘ri keldi.
Xalqaro sifat sertifikatiga ega korxona mahsulotlari qo‘shni davlatlarga eksport qilinmoqda. Mahsulotlar turi va sifatini yanada oshirish maqsadida korxonada umumiy summasi 78 milliard 700 million so‘mlik 9 investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.
Aksiyadorlik jamiyatining 86,92 foiz aksiyasi davlat ulushi hisoblanib, qimmatli qog‘ozlarning 35,9 foizi xorijiy investorlarga investitsiya kiritish sharti bilan taklif etilmoqda.
– Prezident Islom Karimov tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar samarasini “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati misolida ham ko‘rdik, – deydi “Heidelberg Cement AG” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Andreas Kern (Germaniya). – Ulkan iqtisodiy salohiyatga ega mazkur korxonaning aksiyalar paketini xarid qilishni rejalashtirmoqdamiz. Xalqaro investitsiyaviy forum doirasida “Qizilqumsement” aksiyadorlik jamiyati bilan o‘zaro anglashuv memorandumini imzolaymiz.
Mamlakatimizning barcha hududlari kabi Buxoro viloyati ham izchil rivojlanib bormoqda. Joriy yilning to‘qqiz oyida yalpi hududiy mahsulot 7,1 foiz, jumladan, sanoat ishlab chiqarishi 8,6 foiz oshdi.
Viloyatda Xitoy, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va boshqa mamlakatlar sarmoyadorlari bilan hamkorlikda tuzilgan 64 qo‘shma korxona, shuningdek, “DEU tekstayl Buxoro”, “Knauf gips Buxara” kabi o‘ndan ziyod xorijiy korxonalar muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular ichki bozorni boyitish bilan birga viloyat eksport salohiyatini oshirishga katta hissa qo‘shayotir.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xususiylashtirish jarayonini chuqurlashtirish, aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, sanoat tarmoqlarini texnologik yangilash, raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratilmoqda. Buxoro viloyatida “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “O‘zparqurilish”, “Buxoro ta’mirlash-mexanika zavodi”, “Buxoroneftgazavtonaql” aksiyadorlik jamiyatlarining 51 foizdan, “O‘zbekneftgazquduqta’mirlash” aksiyadorlik jamiyatining 31,3 foiz, “Buxorogazsanoatqurilish” aksiyadorlik jamiyatining 14,5 foiz miqdoridagi aksiyalari xorijlik sarmoyadorlarga taklif etilmoqda.
Xalqaro investitsiyaviy forum ishtirokchilari mazkur korxonalar, “Kogon yog‘-ekstraksiya zavodi”, “Kogonparranda” aksiyadorlik jamiyatlari faoliyati bilan ham tanishdi.
– O‘zbekistonning iqtisodiy salohiyati va investitsiya imkoniyatlari diqqatga sazovor, – deydi “METKA” kompaniyasining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya bo‘yicha direktori Sebastyan Lagaditis (Gretsiya). – Buxoro viloyatiga tashrifimiz chog‘ida mamlakatingiz iqtisodiyoti jadal rivojlanib borayotganiga yana bir bor ishonch hosil qildik. O‘zbekistonda biznes yuritish uchun ko‘plab imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan. Bularning barchasi investitsiya kiritish orqali muvaffaqiyatga erishishning asosi hisoblanadi.
– Buxoro viloyati nafaqat tarixiy merosi, balki yirik sanoat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi salohiyati bilan ham meni hayratga soldi, – deydi “Harim Group” kompaniyasi boshqaruvchi direktori Jung Mun Sung (Koreya Respublikasi). – Ayniqsa, “Buxoro parranda” fabrikasi faoliyati katta qiziqish uyg‘otdi. Bu yerda tovuqlar sanoat asosida parvarish qilinib, yuqori sifatli mahsulot olinmoqda. Shuningdek, fabrikada turli qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirilib, parrandalar uchun foydali ozuqalar tayyorlanmoqda. Mazkur parrandachilik fabrikasi aksiyalari investitsiya sarflash uchun foydali taklifdir.
Mehmonlar Buxoroning dunyoga mashhur tarixiy-me’moriy yodgorliklarini, istiqlol yillarida bunyod etilgan zamonaviy inshootlarni tomosha qildi.