Mamlakatimizda yoshlarni sportga jalb etish, ularni o‘zlari istagan sport turi bilan shug‘ullanishlari uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasida bir qator iqtidor egalari kamol topmoqda.
Ana shunday yosh sportchilarimizdan biri 2005 yilning 20 fevralida Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida tug‘ilgan Shohsanam Sherzodovadir. U Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha milliy terma jamoa a’zosi hisoblanib, mazkur yo‘nalishdagi jahon va qit’a musobaqalarida tobora o‘z o‘rnini topayotgan yosh va istiqbolli sportchilarimiz sirasiga kiradi.

Milliy maqomdagi turli musobaqalarda toblangan sportchimiz o‘zining qit’a va jahon chempionatdagi dastlabki muvaffaqiyatlarini O‘zbekiston U18 terma jamoasi safida qo‘lga kiritdi.

Xususan, Shohsanam 2022 yili Tailandda o‘tgan U18 yosh Osiyo chempionatida oltin va kumush medaliga sazovor bo‘ldi. Oradan bir yil o‘tib esa Samarqand shahri mezbonlik qilgan qit’a chempionatida oltin, Italiyada tashkil etilgan dunyo birinchiligida esa kumush medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, 2023 yili garchi 18 yosh bo‘lishiga qaramasdan Xitoyda bo‘lib o‘tgan Osiyo o‘yinlarida delegatsiyamizga kumush medal keltirdi.

Shuningdek, 2024 yili Tailand mezbonligida o‘tgan U23 yosh toifasida Osiyo chempioniga aylangan bo‘lsa, mazkur mamlakatda tashkillashtirilgan 2025 yilgi qit’a birinchiligida kumush va bronza medalga ega chiqdi. Shuningdek, o‘tgan yili Portugaliyada o‘tkazilgan jahon chempionatida turli masofada o‘tgan poygalarda ikkinchi hamda uchinchi o‘rinni egalladi.

Iqtidorli sportchimiz Shohsanam Sherzodovaning bir olam maqsadlari bor. U joriy yilda Yaponiyada o‘tadigan Osiyo o‘yinlarida va “Los-Anjeles-2028” Olimpiya o‘yinlarida qatnashib, mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilgan holda yurtimizga oltin medal bilan qaytishni niyat qilgan. Ayni damda u mazkur maqsadlarga erishish yo‘lida milliy terma jamoamiz tarkibida tinimsiz mehnat va turli xalqaro o‘quv-yig‘inlari va nufuzli musobaqalarda qatnashmoqda.

Umid qilamizki, Shohsanam bu yilgi mavsumda ham ulkan marralarni zabt etadi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA