Andijon viloyati Baliqchi tumani Qumtepa mahallasida 636 ta xonadon bo‘lib, undagi 992 ta oilada 4 ming 120 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahallani rivojlantirishning asosiy drayveri issiqxonachilik, gulchilik yo‘nalishlari hisoblanadi.
Qumtepa mahallasida tuman hokimligi, “mahalla yettiligi” bilan birgalikda ish olib borayotgan hokim yordamchisi Hamidulla Ismoilovning sa’y-harakati bois mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirishda e’tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.
– Faoliyatimda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, oilalar daromadini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratyapman. O‘tgan yili mahallamizda 466 nafar ishsiz fuqaro doimiy ishga joylashtirildi. Jumladan, migratsiyadan qaytgan 125 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi, “Ishga marhamat” monomarkazlari va boshqa ta’lim muassasalarida 151 nafar fuqaro o‘zlari qiziqqan 43 turdagi kasb-hunarga o‘qitildi, – deydi hokim yordamchisi Hamidulla Ismoilov.

Mahallada 2025-yil boshida kambag‘allik darajasi 7,3 foizni, ishsizlik darajasi 6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil boshiga kelib, kambag‘allik darajasi 1,5 foizga, ishsizlik darajasi 4 foizga tushirildi.
Bundan tashqari, mikroloyihalarni amalga oshirish hisobiga 432 nafar fuqaro tadbirkorlikka yo‘naltirildi, 288 nafar fuqaroga esa o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yish, kengaytirish uchun qariyb 15 milliard so‘m kredit ajratildi.
– Hokim yordamchisi ko‘magida Xalq banki tuman bo‘limidan 33 million so‘m kredit olib, mahallamizdagi avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish shoxobchasi faoliyatini kengaytirdim, – deydi Jangchilar ko‘chasida yashovchi Bekzodbek To‘lanov. – Natijada xizmat ko‘rsatish turi, sifati ortdi, shu bilan birga, ikkita yangi ish o‘rni yaratildi.
Mahallada faoliyat olib borayotgan “Chinobod nurli zamin” agrofirmasi negizida “Gulchilik markazi” tashkil etilib, 70 nafar doimiy, 300 nafar kishi mavsumiy ish bilan ta’minlandi. Bundan tashqari, gul ko‘chati yetishtirish orqali qo‘shni mahallalardagi yana 400 nafar fuqaro ishli bo‘lib, ularning doimiy daromad manbai shakllandi.

– Tadbirkor Botirjon Xo‘jamov tashabbusi va rahbarligida tashkil etilgan agrofirma bir necha yildan buyon gulchilik, xususan, atirgul ko‘chatlari yetishtirish bilan shug‘ullanib keladi, – deydi hokim yordamchisi Hamidulla Ismoilov. – Tadbirkor o‘n gektar yer maydonida atirgul ko‘chatlari yetishtiradi. Agrofirma tomonidan 2025-yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Rossiya va Belorus davlatlariga bir million dollarlik atirgul ko‘chati eksport qilindi. Bundan tashqari, quritilgan atirgul gul barglari qadoqlanib, xorijiy davlatlarga eksport qilish yo‘lga qo‘yilgan.
“Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida mahallani gulchilikka ixtisoslashtirish maqsadida “Chinobod nurli zamin” agrofirmasi negizida “Gulchilik markazi” tashkil etildi. Aholiga katta daromad keltiradigan gulchilikni yo‘lga qo‘yish va samarali ish yuritish bo‘yicha agrofirma dala maydonida o‘quv va ko‘rgazmali seminarlar muntazam o‘tkazib, fuqarolarga zarur ma’lumotlar berib borilmoqda.
– Xonadonimizdagi olti sotix issiqxonada oilamiz bilan atirgul g‘unchalarini yetishtiramiz, – deydi mahallaning Tegirmonboshi ko‘chasida yashovchi Mirzohid Umarov. – Yetishtirilayotgan atirgul g‘unchalarini nafaqat Andijonda, balki qo‘shni viloyatlardan olib ketuvchi xaridorlar bor. Bir necha yillardan buyon shu ish bilan shug‘ullanamiz. Shu mehnatimiz ortidan yaxshi daromad olib, turmushimiz farovon bo‘lmoqda.
Izlanuvchan, intiluvchan hokim yordamchisi yangi loyihalarni ishga tushirish hisobiga gulchilik yo‘nalishida 100 ta, urug‘chilik yo‘nalishida 80 ta, xizmat ko‘rsatish va serviz yo‘nalishida 80 ta, tikuvchilik va hunarmandchilik yo‘nalishida 60 ta ish o‘rinlari yaratib, mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan holi hududga aylantirishni maqsad qilgan.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.