Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ulkan maqsadlarga boshlovchi sport bayrami
21:07 / 2015-05-29

Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” majmuasida “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarining final bosqichi g‘oliblarini sharaflashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” majmuasida “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarining final bosqichi g‘oliblarini sharaflashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Jahon sport maydonlarida O‘zbekiston nomining yangrashi, davlatimiz bayrog‘ining mag‘rur hilpirashi barchamizning qalbimizda cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ularini yuksaltiradi. Prezidentimiz rahnamoligida sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli yoshlarimiz bizga bunday yuksak tuyg‘ularni kunda-kunora baxsh etishi oddiy holga aylanmoqda. 

Davlatimiz rahbari Islom Karimov ta’kidlaganidek, nimaniki o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ymaylik, qanday buyuk ishlarni amalga oshirishga intilmaylik, barcha olijanob harakatlarimizning negizida, barcha ezgu niyatlarimiz zamirida farzandlarimizni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan avlodni tarbiyalash orzusi mujassamdir. 

3.JPG
Bunday ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik samarasida O‘zbekiston yoshlari turli xalqaro musobaqalar, qit’a va jahon chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida yuksak natijalarga erishayotir. Keyingi yillarda Farg‘ona viloyatidan sportning turli yo‘nalishlari bo‘yicha ellikdan ortiq jahon va Osiyo chempionlari yetishib chiqqani fikrimiz isbotidir. 

Boks bo‘yicha Osiyo o‘yinlari g‘olibi Elshod Rasulov, yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Oybek Sharipov, Bahodir Mamajonov, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha Elyor Mamadaliyev, shaxmat bo‘yicha Osiyo va jahon chempioni, xalqaro grossmeyster Nafisa Mo‘minova va boshqa ko‘plab yoshlar bugun yurtimiz faxriga aylangan. Sarvinoz Saidxo‘jayeva, Hulkar Tohirjonova, Kamola Rahmonova, Dinara Mamatibrohimova kabi umidli sportchi qizlar ham xalqaro musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egalladi. “Umid nihollari”, “Barkamol avlod”, Universiada va boshqa ko‘plab musobaqalarda viloyat yoshlari muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.

2003-2014-yillarda Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan viloyatda 138 sport inshooti hamda 27 bolalar musiqa va san’at maktabi qurildi va qayta ta’mirlandi. 

Viloyatda 6 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 410 mingdan ziyodi sportning turli yo‘nalishlarida muntazam shug‘ullanmoqda. Ularning 196 ming 666 nafari qizlardir. Viloyatda, ayniqsa, stol tennisi, milliy kurash, sport gimnastikasi, suzish, sharq yakka kurashi turlari jadal rivojlanmoqda. Buning natijasida o‘quvchilar o‘rtasida sport bilan shug‘ullanishga jalb etish 2015-yilda 61,4 foizga yetdi. 

18 (1).JPG
Bugun viloyatning chekka hududlarida ham sport bilan muntazam shug‘ullanish uchun barcha sharoit mavjud. Shahar va qishloqlarda, ta’lim maskanlarida futbol maydonlari, zamonaviy talablarga javob beradigan 33 tennis korti barpo etildi. Toshloq, Uchko‘prik tumanlari, Quvasoy shahrida markaziy stadionlar, Quva tumanida sog‘lomlashtirish markazi, Farg‘ona shahrida “Istiqlol” tennis majmuasi va markaziy stadioni, yopiq suv sporti majmuasi kabi o‘nlab muhtasham sport inshootlari foydalanishga topshirildiki, bularning barchasi farg‘onalik yoshlarning turli nufuzli musobaqalarda faxrli o‘rinlarni egallashida muhim ahamiyat kasb etayotir.

“Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarining Farg‘ona viloyati final bosqichi ishtirokchilarga unutilmas onlarni tufha etdi.

Mazkur musobaqalarning saralash bosqichlarida 109 ming 763 o‘quvchi qatnashdi, ularning 36 ming 18 nafari qizlardir. Yoshlarning fikricha, “kichik olimpiada”da ishtirok etishning o‘zi katta sharaf. Zero, “Umid nihollari” yuksak marralar sari o‘ziga xos pillapoya vazifasini o‘taydi.

– Ilgari shaharda ham nari borsa, ikki-uchta sport inshooti bo‘lar edi, – deydi “Nuroniy” jamg‘armasi Farg‘ona viloyati bo‘limi raisi Topvoldi Xoldorov. – Ularda ham goh murabbiy yetishmovchiligi, goh anjomlar tanqisligi kuzatilardi. Qishloqda-ku, sharoit yo‘qligi bois qancha-qancha iste’dodlar kashf etilmay so‘nar edi. Bugun bolalarimiz yutuqlarida bizning orzularimiz ro‘yobga chiqmoqda. Eng olis qishloqlarda ham muhtasham sport majmualari, sportga ixtisoslashtirilgan muassasalar faoliyat yuritayotir. Iqtidorli o‘g‘il-qizlarimizga mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ishtirok etish uchun imkoniyat yaratib berilmoqda. Xorijiy davlatlar vakillari O‘zbekiston yoshlarini nufuzli sport musobaqalarida kuchli va munosib raqib sifatida tan olmoqda. Bugungi bellashuvlarda farzandlarimiz yuz-ko‘zidagi ishonch va qat’iyatni ko‘rib, beixtiyor yanada quvonasan kishi.

“Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarining viloyat bosqichida Farg‘ona shahri vakillari birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rin Marg‘ilon shahri yosh sportchilariga, uchinchi o‘rin Qo‘shtepa tumani hamda Qo‘qon shahri o‘quvchilariga nasib etdi. 

Viloyat hokimi Sh.G‘aniyev Farg‘ona shahri jamoasiga Prezidentimiz sovg‘asi – “Damas” avtomashinasini topshirdi.

Musobaqalarda yaxshi natijalarga erishgan o‘g‘il-qizlar ham munosib taqdirlandi.

– Davlatimiz rahbarining biz, yoshlar kamolotiga alohida e’tibor qaratayotgani kuchimizga-kuch, g‘ayratimizga-g‘ayrat qo‘shmoqda, – deydi Marg‘ilon shahridagi 21-maktabning 8-sinf o‘quvchisi Go‘zal Mo‘minova. – Yoshligimdan sportning basketbol turi bilan shug‘ullanaman. Harakatlarim zoye ketmay, “Umid nihollari – 2015” musobaqalarida g‘olib bo‘lganimdan juda xursandman. 

– Qizim Surayyoxon maktabda o‘qish bilan birga, basketbol to‘garagi mashg‘ulotlariga ham muntazam qatnashadi, – deydi Quvasoy shahridan Abdumutal Ibronaliyev. – U ishtirok etadigan jamoa “Umid nihollari – 2015” sport musobaqalarida g‘oliblar safidan o‘rin egallashiga ishonardim. Yoshlarimizga shunday sharoit va imkoniyatlar yaratib berayotgani uchun biz, ota-onalar Yurtboshimizdan behad minnatdormiz. 

Taniqli sportchilarning ko‘rgazmali chiqishlari, bolalar ijodiy jamoalari, yosh san’at ustalari hamda estrada xonandalari ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga yanada fayz bag‘ishladi.