French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ulkan bunyodkorlik: so‘zdan amalga o‘tilgan harakatlar
11:47 / 2025-08-16

Tashrifidan so‘ng

Oxirgi paytlar Toshkent tumanida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari aholi farovonligini ta’minlash bilan birga, hudud infratuzilmasini yanada rivojlantirishga ham xizmat qilmoqda. Prezidentimizning 2024 yildagi Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida berilgan topshiriqlar asosida mazkur tumanda ham barcha sohalarda o‘zgarishlarga yo‘l ochildi. 

Mazkur sa’y-harakatlar bilan tanishtirish maqsadida Toshkent tumani hokimligi tomonidan OAV vakillari uchun Press-tur tashkil etildi. Unda joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, aholiga xizmat ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlardagi natijalar ko‘rsatildi. 

Xususan, ilk manzil hududdagi Qirariq mahallasining o‘zagida joylashgan, 1940 yilda qurilgan 25-sonli maktabgacha ta’lim muassasasi bo‘ldi. Hozir bu joy tadbirkorlar ko‘magida yangi qiyofa kasb etgan. Ilgarigi 140 o‘rinli bog‘cha endilikda 500 bolaga mo‘ljallangan zamonaviy muassasaga aylandi. Yangilangan sharoit bolalar uchun qulay bo‘lsa, shu bilan birga 25 nafar pedagog uchun ish o‘rni ham yaratildi. Endilikda Qirariq, Ahillik, Tinchlik va Qorasaroy mahallalarida yashovchi oilalar bolalarini shu bog‘chada tarbiyalanishi uchun imkon yaratildi. 

Jurnalistlar Qirariq mahallasining 3-sektoridagi 9 gektar yer maydonida tashkil etilgan bog‘dorchilik xo‘jaligida bo‘ldi. “OLTIN-UFQ-GREEN” MCHJ tomonidan tashkil etilgan bu bog‘da yiliga 153 tonna eksportbop uzum va shaftoli yetishtirish ko‘zda tutilgan. Har bir daraxt faol mehnat, barqaror daromad va zamonaviy qishloq xo‘jaligining amaldagi namunasidir. 

– Ilgari bu joylarda hosildorligi kam uzumzorlar bo‘lgan, – deydi “OLTIN-UFQ-GREEN” MCHJ agronomi Bekzod Salimov. – O‘tgan davrda samarali ish tashkil qilishimiz tufayli uzumning yangi navlari ekildi. Bugungi kunda yetishtirilgan hosildan kishini dili yayraydi. Bu yil zamonaviy usulda 7 gektar yer maydonida invitro usulida shaftoli bog‘ini ham barpo qildik. Yil oxirigacha yana 9 gektar joyda gilos bog‘ini tashkil qilamiz. Muhimi, davlatimiz tomonidan berilayotgan imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalanishga harakat qilyapmiz. 

Press-tur davomida Ibrat mahallasida bunyod etilayotgan zamonaviy ko‘p qavatli turar-joy majmuasi ham ko‘rsatildi. Bu bino shaharsozlik va arxitekturadagi yangi nafas deyish mumkin. Xususan, 2 ming 231 xonadon, 43 ming kvadrat metr maydon, 696 milliard so‘mlik investitsiya – bu nafaqat raqamlar, balki minglab oilalar uchun yana bir yangi hayot, yana bir yangi imkoniyatdir. Toshkent tumanining islohotlar shtabi rahbari Otabek Hakimovning ta’kidlashicha, o‘tgan davrda hudud bo‘yicha turli ijtimoiy ob’ektlar qayta rekonstruksiya qilinib, yangi osmono‘par binolar qurilyapti. 

– Deyarli barcha sohalarda o‘sish bor. Masalan, hudud bo‘yicha investitsiya ko‘rsatkichlarining o‘zi 6 karra oshgan. Biroq aholining ko‘p qismi poytaxtdagi tashkilotlarda ishlaydi. Endilikda aholi bandligi ta’minlash va yangi ishlab chiqarish loyihalari amalga joriy qilinmoqda. Maqsadimiz kambag‘allikni kamaytirish, fuqarolar daromadini oshirishdir. Toshkent tumani poytaxt va qo‘shni Qozog‘iston bilan chegarada joylashgan. Shu tufayli tibbiyot turizmini rivojlantirish borasida ish olib borilmoqda, – deydi Toshkent tumanining islohotlar shtabi rahbari Otabek Hakimov. 

Press-tur davomida jurnalistlar mazkur tumanda qad rostlayotgan Toshkent kimyo xalqaro universitetida ham bo‘ldi. Uning qo‘shidagi yangi kampus ilm-fanning kuchini namoyon etadi. Bu yerda jami 3 ming nafar talabaga mo‘ljallangan bu oliygoh, 800 o‘quvchiga ixtisoslashgan maktab, 300 ta bola uchun bog‘cha – barchasi 316 milliard so‘mlik sarmoya evaziga barpo etilmoqda. Shu orqali 700 ta ish o‘rni yaratiladi. Bu kelajakka investitsiya, ta’limga ehtirom ramzidir.

Umuman olganda, Toshkent tumanida amalga oshirilayotgan islohotlar bu xalq dardiga quloq tutish, fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash va so‘zdan amalga o‘tilgan harakatlar namunasidir. Infratuzilma, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, turar joy, mehnat bozori har bir sohadagi yutuqlar, avvalo, inson manfaatlari yo‘lida qilingan sa’y-harakatlar samarasidir.

A.Musayev,O‘zA.