Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ularning hayoti biz uchun ibrat...
14:39 / 2025-12-02

Olmaliq shahridagi "Metallurg" madaniyat saroyida "Ularning hayoti biz uchun ibrat" mavzusida uch avlod uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbir Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) va Olmaliq shahar hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Unda sobiq davlat va jamoat arbobi, mehnat faxriysi Abduhoshim Mutalov, O‘zbekiston xalq shoiri Barot Isroil, Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati rahbari Rahmatilla Sheraliyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ullari, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Farog‘at Xudoyqulova, Toshkent viloyati Nuroniylar kengashi raisi Abdusamat Nosirov, OKMK va shahar hokimligi rahbarlari, Nuroniylar kengashi hamda OKMK nuroniylari ishtirok etdi.

Tadbirda Abduhoshim Mutalov o‘z mehnat va hayot faoliyati haqida yoshlarga so‘zlab berar ekan, mustaqillikning ilk yillarida mamlakatimizda ro‘y bergan hodisalar va amalga oshirilgan islohotlar bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdi. Shuningdek, u bugungi kunda kombinatda amalga oshirilayotgan asrlarga tatigulik o‘zgarishlar va investitsiyaviy loyihalarda ishtirok etayotgan ishchi-xodimlar haqiqiy zamonamiz qahramonlari ekanligini alohida ta’kidladi.

Shoirlar o‘z ijod namunalarini tomoshabinlarga havola etdi. Shuningdek, tadbir davomida texnika fanlari doktori, professor Abdurashid Hasanov va shogirdlari tomonidan nashr qilingan bir qator ilmiy asarlar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi a’zosi, jurnalist Oysara Dadayeva muallifligida OKMKning 75 yilligiga bag‘ishlangan "Yashil iqtisodiyot sari" hamda "Toshlardan taralgan ohang" kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu "Toshlardan taralgan ohang" asari OKMKning 75 yildan ziyod tarixi, mamlakatimiz og‘ir sanoati va kombinat ishchilarining hayoti haqida hikoya qiluvchi badiiy-xronologik qissa ekanligi qayd etildi. 

Tadbir so‘ngida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulbahor Erqulova ijro etgan dilrabo taronalar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.Mazkur uch avlod uchrashuvi yoshlarga faxriylarning hayot yo‘lini ibrat qilib ko‘rsatish, ularning boy tajribasini yetkazish va milliy qadriyatlarni ulug‘lashga xizmat qildi.

OKMK Axborot xizmati