Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga respublikamizning turli hududlaridan bir telekanalda namoyish etilgan «Omadingizni bersin» o‘yinida qo‘lga kiritgan yutuqlarini olish imkoni bo‘lmayotgani haqida murojaatlar kelib tushgan.
Agentlik matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunga kelib, «Omadingizni bersin» tele-o‘yini ishtirokchilarining umumiy yutuqlari 2 milliard so‘mni tashkil etadi.
Qayd etilishicha, mazkur o‘yin nizomiga ko‘ra, unda ishtirok etishni istagan fuqaro “MAA” savdo belgisi ostidagi stikerli mahsulotlarni xarid qilishi lozim. Shundan so‘ng, ular mahsulot ustidagi stikerni o‘chiradi va maxfiy kodni topadi. Kodni tele-o‘yin davomida ekranda ko‘rsatilgan qisqa raqamga yuborishi kerak bo‘ladi. Bu o‘yin asosan “MIA- MAA» MCHJ homiyligida «MAA» savdo belgisidagi mahsulotlarning xaridorlari o‘rtasida o‘tkazilmoqda. O‘yinda telefon raqamlar bazasidan “Random” dasturi yordamida keyingi son ishtirokchilarining telefon raqamlari aniqlanadi.
Tele-o‘yinning sovrin jamg‘armasi telefon, planshet, noutbuk, yumshoq mebellar, maishiy texnika,tilla (turli grammda) va bosh sovrin – avtomobil kabi yutuqlardan tashkil topgan.
Har hafta namoyish etiladigan «Omadingizni bersin» tele-ko‘rsatuvining qoidasiga ko‘ra, ishtirokchilar ikki bo‘lakdagi sovrin maketini topgandan so‘nggina shu yutuqqa ega bo‘lishi mumkin. Misol uchun, «Omadingizni bersin» ko‘rsatuvining 13-sonida Farg‘ona viloyatida istiqomat qiluvchi X.X.ga omad kulib boqdi va u kir yuvish mashinasi, muzlatgich, gaz plitasi, changyutgich, planshet, smartfon, mikroto‘lqinli pech kabi sovrinlarni hamda 50 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritgan.
Albatta, bu katta miqdordagi sovrin. Sizni telekanalda ko‘rsatishadi, g‘olib deb e’lon qilishadi, ammo ko‘rsatuv suratga olingandan so‘ng, tele-o‘yin nizomiga ko‘ra efirga uzatilgandan so‘ng 90 bank ish kuni ichida homiydan sovrinlar berilishi mumkinligini xabardor qilishadi. Ishtirokchi bir oy, ikki oy kutadi, 90 kun o‘tadi, lekin va’da qilingan sovrindan darak bo‘lmaydi. Tele-o‘yin esa telekanal orqali davom etmoqda va boshqalar ham u kabi bir nechta qimmatbaho sovrinlarni yutib olishyapti.
Bunday holatga teleko‘rsatuvning 4-sonida ishtirok etib, 20 million so‘m Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanida yashovchi M.U.ga nasib etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida yashovchi O.J. joriy yilning 10 avgust kuni bo‘lib o‘tgan «Omadingizni bersin» ko‘rsatuvining 10-sonida biryo‘la 10 million so‘m, kir yuvish mashinasi, noutbuk va «Neksiya 3» avtomashinasini yutib oldi. Lekin shu kungacha kutgan sovrinlari va mashinasi ham berilmadi. Joriy yilning 28 may kuni Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi A.M. yutgan «Damas» avtomashinasi ham yetkazilmadi. Namangan viloyatida yashovchi M.M. gaz plitasi, changyutgich, 2 dona smartfon, velosiped, planshet, noutbuk, 20 million so‘m yutib oldi. Shu kungacha u ham sovg‘aga ega bo‘lmadi.
Noutbuk, smartfon, muzlatgich, changyutgich va «Damas» avtomashinasini qo‘lga kiritganlardan yana biri Xorazm viloyatida yashovchi A.R. ham hanuzgacha o‘z yutuqlarini kutmoqda.
Agentlik so‘rovi va o‘yin homiysi taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, namoyish etilgan ko‘rsatuvning jami 15 ta soni g‘oliblaridan faqat 1,2,3 va 12-sonlarida bir nafardan ishtirokchi o‘z yutuqlarini qo‘lga kiritgan, xolos. Qolgan 55 ishtirokchi bugungi kungacha sovrinlarini kutmoqda.Ta’kidlash lozimki, tele-o‘yinda ishtirok etish va sovrin yutish umidida respublikamizning turli viloyatlaridan ishtirokchilar poytaxtga kelishgan.
Reklama to‘g‘risidagi qonunga muvofiq:
Qimmatbaho sovrinlar tarqatiladigan va (yoki) o‘ynaladigan rag‘batlantiruvchi aksiyalarni yoxud ushbu aksiyalarda ishtirok etish uchun reklamadan foydalanuvchi tomonidan biror-bir harakatlar amalga oshirilishini nazarda tutadigan rag‘batlantiruvchi aksiyalarni o‘tkazish chog‘ida reklama beruvchi rag‘batlantiruvchi aksiyani o‘tkazish boshlanguniga qadar ommaviy axborot vositalarida va (yoki) erkin foydalaniladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi axborot resurslarida aksiyada ishtirok etish shartlarini e’lon qilishi shart.
Rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazilishi to‘g‘risidagi axborotda yutuqni olish ehtimolini oshirib ko‘rsatuvchi iboralar bo‘lmasligi kerak. Tegishli mukofot fondi mavjud bo‘lmagan holda rag‘batlantiruvchi aksiyalarni tashkil etish va o‘tkazish taqiqlanadi. Undan tashqari ishtirokchilar tele-o‘yin nizomidan xabardor bo‘lmagan va ularga ma’lumotlar davlat tilida taqdim etilmagan. Bu bilan qonunning 21-moddasiga xilof ish tutilgan.
Agentlikning Maxsus komissiyasi tomonidan “MIA- MAA» MCHJga nisbatan «Reklama to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 6 va 21-moddalari talablari buzilganligi holati bo‘yicha ish qo‘zg‘atilgan va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tartibda ko‘rsatma berilgan.
Shu bilan birga Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi tomonidan to‘plangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun ma’lumotlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
Tadbirlarda ishtirok etishdan avval taqdim etilayotgan reklamalarda joylashtirilgan ma’lumotlarda tadbir tashkilotchisi, uni o‘tkazish qoidalari va muddatlari, tadbir haqidagi axborot manbai, mukofotlar yoki yutuqlar miqdori, ularni olish muddatlari, joyi va tartiblari borligiga e’tibor berishi lozim. Ular bilan birma-bir tanishib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Agar reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari buzilishi yuzasidan aniq ma’lumot bo‘lsa, fuqarolar agentlikning 1159 qisqa raqami orqali murojaat qilishi mumkin.
O‘zA