Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ularga mehrdan ham ko‘proq e’tibor zarur(+video)
17:58 / 2021-10-29

Har bir ota-ona tug‘ilajak farzandi sog‘lom dunyoga kelishini istaydi. Afsuski, oramizda taqdir taqozosi tufayli imkoniyati cheklangan o‘g‘il-qizlarni tarbiyalayotgan oilalar ham bor.

Toshkent viloyati, Ohangaron shahrida joylashgan 7-imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan yordamchi maktabda ham 210 nafar imkoniyati cheklangan bola tahsil oladi. Bu bolalarning 40 nafari 2 guruh nogironi. Ularga 50 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya beradi.  

Ohangaron xududida yashovchi ota-onalar har kuni ertalab soat 8:00 da farzandlarini mazkur maktabga tashlab ketadi. Soat 14:00 gacha bolalar maktab quchog‘ida bo‘ladi. To‘g‘risini aytsak, imkoniyati cheklangan bola o‘stirayotgan ota-onalar topgan mablag‘ini ko‘proq farzandini davolatish, dori-darmon sotib olishga sarflaydi. Shu sabab ba’zida ota-onalar bolalarining ta’limiga e’tibor berolmay qoladi. Iqtisodniku bir amallash mumkindir, ammo ko‘p hollarda bunday bolalarni oddiy maktablarga berishganida atrofdagilar ularga ayricha ko‘z bilan qarayotgani, ya’ni odamlarning salbiy munosabati ularning qalbini og‘ritadi. Shu sababli ham bu maktabda tahsil olayotgan bolalarning qalbi ham, orzulari ham, dardi ham bir xil. Bu maskanda hech kim bir-birini tahqirlamaydi, jismoniy kamchiligini aytib, ustidan kulmaydi. Bolalar bu yerda o‘zlarini judayam erkin, xushchaqchaq his etadi.  

Maktab bo‘ylab uyushtirgan reportajimiz jarayonida bolajonlarning bir kunlik hayotlari bilan tanishdik.  

– Maktabimiz o‘quvchilari sport, musiqa, kompyuter to‘garaklaridan tashqari ijtimoiy hayotga ham yo‘naltiriladi, – deydi mehnat fani o‘qituvchisi Nargiza Mirismanova. – Ertaga katta hayotga qadam qo‘yganida o‘zini-o‘zi eplasin, degan maqsadni amalga oshirish bizning eng birinchi vazifamiz. Ayniqsa, aqliy qoloqlikning o‘rta va yengil darajasidagi bolalarni  o‘zini boshqarishga o‘rgatish uchun ko‘proq qo‘l mehnati orqali  uy ro‘zg‘or buyumlarini yasashga o‘rgatamiz.  

Maktab direktori Dilbar Mamedova maktabda mavjud sharoitlardan tashqari muammolar ham borligini aytib o‘tdi.  

– Imkoni bo‘lsa maktabimiz o‘quvchilari uchun qishki sport zali qurib berilsa, – dedi D. Mamedova. – Chunki bu bolalar energiyasini nimagadir sarflab turishini ta’minlashda judayam zarur. Imkoniyati cheklangan bolalarning hayotga chanqoqlik bilan qarashida, yutuqlarga erishishida asosan ota-onasining o‘rni beqiyos. Agar oiladagilar o‘rtasida nogiron degan fikr bo‘lmasa va bunday bolalarga achinish ko‘zi bilan emas, e’tibor nazari bilan qaralsa, albatta, kelajakda ulardan buyuk insonlar yetishib chiqadi.  

Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ko‘plab mashhur insonlarning ham qaysidir ma’onada imkoniyatlari cheklangan bo‘lgan. Misol uchun,  Albert Eynshteyn bolaligida judayam sekin gapirgan,  uch yoshgacha tili chiqmagan. Eynshteynning yutuqlarida onasi Paulinaning o‘rni beqiyos. Yoki dunyoga mashhur san’atkor Charli Chaplinni olaylik. Charli bolaligida judayam nimjon, kasalmand bo‘lgani bois hatto uni maktabga ham qabul qilishmagan. Charli XX asrning eng mashhur insoniga aylanishida onasi Xannining san’atga ixlosi balandligi muhim rol o‘ynagan.

Bugun ham oramizda imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay davrning qahramoniga aylanayotgan yoshlar talaygina. Ayniqsa, ularning sport soxasida erishayotgan yutuqlarini e’tirof etmay ilojimiz yo‘q.  

Davlatimiz rahbari joriy yilning 10 sentyabr kuni Tokio paralimpiadasi ishtirokchilari bilan uchrashuvda para-sport bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan sportchi va murabbiylarni keng jalb etgan holda, Milliy paralimpiya qo‘mitasi tarkibida “Matonat maktabi”ni tashkil etishni taklif qildi.

Yurtimiz sportining shonli an’analarini munosib davom ettirib, dunyodagi eng nufuzli musobaqalarda Yangi O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘taradigan qahramonlar  mana shu maktabdan yetishib chiqishiga ishonamiz.

<iframe width="1440" height="700" src="https://www.youtube.com/embed/DbPgx3NugyE" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

 

Nigora Rahmonova,

Yoqub Meliboyev (video), O‘zA