Madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov vazirlik tasarrufidagi Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabida tashkil etilgan xalqaro tanlovlar g‘oliblarini taqdirlash marosimida qatnashdi.
Mamlakatimizda bolalarni musiqa va san’atga jalb qilish, iqtidorlarini yuzaga chiqarish uchun barcha sharoitlarni yaratib berish borasidagi sa’y-harakatlar bugun salmoqli natijalar berayotganini ta’kidladi. Ayni paytda shunday iste’dodli yoshlardan xalqimizning umidi katta ekanini mamnunlik bilan qayd etdi.
Joriy yilning 16-21 may kunlari Italiyaning Barletta shahrida bo‘lib o‘tgan “Citta di Barletta” nomli 33-xalqaro yosh ijrochilar tanlovida Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabidan 4 nafar o‘quvchi munosib ishtirok etdi.
Maktabning 8-sinf o‘quvchisi Saidshoh G‘ulomov Gran-pri bilan mukofotlandi hamda tanlovning yopilish marosimiga bag‘ishlangan Gala-konsertda qatnashdi.
Shu maktabning 2-sinf o‘quvchisi Sevinch Azimova 1-o‘rinni, 10-sinf o‘quvchisi Muxlisa Sobitjonova 1-o‘rinni egalladi. Shuningdek, Muxlisa Sobitjonova taniqli bastakor Dilorom Omonullayevaning “Amir Temur tushlari” asarini yuksak mahorat bilan ijro etgani uchun maxsus mukofot bilan taqdirlandi hamda tanlovning yopilish marosimida Gala-konsertda ishtirok etdi. 11-sinf o‘quvchisi Alisa Salyaxova esa 2-o‘ringa munosib topildi.
Shuningdek, joriy yilning 16-23 may kunlari Boku shahrida o‘tkazilgan XIII Xalqaro mug‘om (maqom) festivalida ham vakillarimiz munosib ishtirok etdi.
Gliyer nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchisi Umarjon Akmalov 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Namangan viloyatining 1-son bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Madina Karimjonova hamda Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchisi Sardor Narzullayev 2-o‘rinni, Abdurauf Fitrat nomidagi Buxoro maqom san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab internati o‘quvchisi Og‘abek Axtamov faxrli 3-o‘rinni egalladi.
Musiqa maktabida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda vazir O.Nazarbekov iqtidorli yosh musiqachilarni erishgan muvaffaqiyatlari bilan qutlab, ularga kelgusida ulkan zafarlar tiladi. Ustozlarga minnatdorlik bildirdi.
Tadbirda g‘olib va sovrindorlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
N.Usmonova, O‘zA muxbiri