Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi.
Bu achchiq, ammo rost gap. Bundan bir necha yil oldin Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi bo‘lgan chirchiqlik otaxon bilan gaplashganimda, uning aytgan so‘zlari yodimda qolgan. «Birinchi jang Qobil va Hobil o‘rtasida boshlangan bo‘lsa, odamzod hamon tortishgani-tortishgan. Biroq anglamaydiki, bu dunyo har ikkisidan ham qoladi. Urushlar insonlarning bir-biriga bo‘lgan nafratining oliy ko‘rinishi. Umrini zoye ketkazganligini esa afsus ular kech tushunadi».
Yuz bilan yuzlashib qolgan otaxonning o‘ychan nigohlari, ser ajin chehrasi umrida ko‘p mashaqqat tortganligini, bunday purma’no gaplar katta hayotiy tajriba samarasi ekanligini tushunganman.
1945 yil yakunlangan, ne-ne insonlarning umriga zomin bo‘lgan, onalarning faryodiga, yetim bolalarning ko‘zyoshlariga sabab bo‘lgan Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan jangchilar qatorida qanchadan-qancha o‘zbek yigitlarining ham navqiron umri xazon bo‘lganligini bilamiz. O‘zbek askarlari qahramonliklar ko‘rsatib, generallar bo‘lganligini, ko‘ksini to‘ldirib orden, medallar bilan qaytganligini ham tarixiy manbalardan o‘qiganmiz.
Mamlakatimizda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari har yili 9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida yo‘qlanib, e’zozlanishi ezgu an’ana tusiga kirgan. Zero, janggohlarda qon kechib, yoshligi tinchlik, birdamlik uchun savashlarda kechgan kishilarni yo‘qlash har jihatdan savobli yumushdir.
Har yili hukumatimiz tomonidan urush qatnashchilari holidan xabar olish, ularga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatish ibrat bo‘larli darajadadir. Bu yil ham Prezidentimiz tomonidan bunday keksalarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, 15 million so‘m miqdorda pul mukofotlari mutasaddilar orqali yetkazilmoqda. Eshikdan kirib kelgan har bir mehmonni ochiq chehra bilan qarshi olayotgan urush qatnashchilarining ayni dam qo‘llari duoda. Ular yurtga, yer yuziga faqat tinchlik so‘rashmoqda!
N.Asadova