Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ular O‘zbekistonda, Namanganda shifo topadi(+video)
14:54 / 2023-07-06

Yurak-qon tomirlari kasalliklarini davolash azaldan eng mas’uliyatli va eng qimmat muolaja bo‘lib kelgan. Shuning uchun faqat ilm rivojlangan, iqtisodiy baquvvat mamlakatlardagina kardiologiya markazlari faoliyat yuritadi. O‘zbekiston ham ular qatorida. Birgina Namangandagi kardiologiya markazi shifokorlarining ilmiy, amaliy salohiyati, jarrohlik amaliyotida qo‘llanadigan zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanganlik darajasi yuksakligi tufayli nainki O‘zbekistonda, chet mamlakatlarda ham tanilgan. 2022 yilning o‘zida bu yerda 187 nafar chet eldan kelgan “ahvoli og‘ir” deya tavsiflangan bemorlarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi va ularning barchasi sog‘ayib ketdi.

Markazda sohaga chuqur ixtiososlashgan mutaxassislar jamoasi shakllandi. Viloyat hokimligi ajratgan 9 mln. dollarga Yevropa mamlakatlaridan keltirilgan 50 turdagi 250 dan ziyod zamonaviy tibbiyot uskuna va jihozlar tufayli davolash, jarrohlik amaliyoti sifati va natijadorligi keskin o‘sdi. Hozirda Namangan kardiologiya markazida 85 turdagi amaliyot bajarilmoqda. Yil oxiriga borib esa uni 112 turga yetkazish reja qilingan. Biz markazda bo‘lgan chog‘da eng murakkab jarrohlik amaliyoti tugallangan ekan.

—Hozir o‘pka arteriyasining katta tromblarini tozalash amaliyotini qildik. Avvallari bunday bemor konservativ usulda davolanardi. Aksariyat holatda u o‘lim bilan yakunlangan, - deydi Namangan kardiologiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari nomzodi Solixon Mo‘minov. ­­–Hozir, sun’iy qon aylanish sharoitida yurakni to‘xtatib shu amaliyot bajarilmoqda. Bugungacha 17 ta shunday amaliyot o‘tkazildi.

Yurakni to‘xtatib o‘pkada amaliyot o‘tkazishga dunyoning faqatgina tibbiyot yuksak rivojlangan mamlakatlarida jazm qila oladilar. Yaqin yaqingacha bunday bemorlar asosan Isroil, Hindiston, Germaniyaga yo‘l olardi. Imkon topolmagani esa...

Namangan kardiomarkazida yana bir ilg‘or tajriba qo‘llanmoqda. Gap yurak xastaligi bilan bog‘liq eng og‘ir jarrohlik haqida bormoqda.

—Avvallari biz bunday amaliyotni bemorning ko‘krak qafasini ochib, umumiy narkoz ostida bajargan bo‘lsak, hozir yaratib berilgan yuqori texnologik asbob-uskunalar bilan jihozlanish natijasida ko‘krak qafasini ochmasdan, narkozsiz teri va tomir orqali kichik naychalar vositasida bajarish imkoniyatiga erishdik, - deydi markaz bo‘lim boshlig‘i Akmaljon Jalilov.

Bir, hatto ikki oyog‘i kesilgan, aytish lozimki, tibbiyot ilojsizligidan oyog‘i kesilgan insonlarni ko‘rgansiz, albatta. Ularning aksariyati qand kasalligi, oyoqda qon aylanmasligi tufayli shu holatga tushgan.

—Avvallari qantli diabet kasali bo‘lgan bemorlarda qon tomirlarini ochish imkoni bo‘lmagani uchun oyoqni son sohasidan kesishga majbur bo‘lingan. Negaki qon aylanishini tiklash ilojisi bo‘lmagan, –deydi markaz bo‘lim boshlig‘i Nosirjon Hudoyberdiyev. –Hozirgi kunda markazimizga keltirilgan yangi jihozlar tufayli oyoq qon tomirlarida tromboz ro‘y berganida tomirdan kirib stend qo‘yish mumkin bo‘ldi. Shu tufayli oyoqni kesish holatlari 80 foizga kamaydi.

Ilm, tibbiy tajriba shu darajaga yetdiki, endi insult — miyadagi mayda tomirlar bilan bog‘liq xastalikning xavflilik darajasi ham ancha pasaydi.

—Bosh tomirlarida ham ularni ochish, mikrotomirlarga stend qo‘yish mumkin bo‘ldi. Endi insult bo‘lgan bemor xushini yo‘qotmaydi, tezda odatiy hayotga qaytadi, – deydi Nosirjon Hudoyberdiyev. –Bu amaliyotlar Namangan kardiologiya markazimizda bajarib kelinmoqda.

Namangan kardiologiya markazida jarrohlik amaliyotidan shifo topgan o‘nlab bemorlar bilan suhbatlashdik. Videoreportajimizga reklama alomatlari qo‘shilib qolmasin deya ularning so‘zlarini keltirmadik. Ammo bir gapni aytmasak bo‘lmas. Ular og‘ir dardlariga O‘zbekistonda, Namanganda shifo topdilar.

<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/p45Xd8-5YWA" title="ULAR O‘ZBEKISTONDA, NAMANGANDA SHIFO TOPADI" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

 

Muhammadjon Obidov.

Elyor Olimov.