Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahri meri va gubernatori Xishgee Nyambatar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Toshkent shahar hokimligida kechgan uchrashuv davomida poytaxtlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, shaharsozlik, transport, kommunal xizmat ko‘rsatish, turizm va investitsiyalarni jalb etish sohalaridagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida davlat rahbarlari tashabbusi bilan ikki mamlakatda olib borilayotgan ochiqlik va shaffoflik siyosati davlat va mahalliy boshqaruv samaradorligini oshirishda muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.

Xishgee Nyambatarga Toshkent shahar hokimiyatining Vaziyatlar markazi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berilib, shahar jarayonlarini kuzatish, jamoat xavfsizligini ta’minlash va zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalangan holda favqulodda vaziyatlarga tezkor munosabat bildirish bo‘yicha markaz imkoniyatlari namoyish etildi.

Uchrashuv yakunida mintaqalararo hamkorlikni yanada kengaytirish, tajriba almashish, poytaxtlarni barqaror rivojlantirish va aholi turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan har ikki tomon ham o‘zaro manfaatdor ekanliklari e’tirof etildi.

Bu kabi uchrashuvlar mustaqil O‘zbekistonning jahon miqyosidagi o‘rnini yanada oshirishga xizmat qiladi. Negaki, har qanday hamkorlik ortida birinchi navbatda ishonch muhim ahamiyat kasb etadi.
Sherbek Islomov,
O‘zA