Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar nafaqat yurtdoshlarimiz, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak e’tirof etilmoqda. Bu jarayonda diniy soha vakillarining faoliyatini ham alohida ta’kidlab o‘tish lozim.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi A.Ahmedov Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari bo‘ylab xizmat safarida bo‘lib, imom-xatiblar, soha vakillari, afv etilgan fuqarolar bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazdi.
Soha vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda bugungi imom-xatiblar oldida turgan muhim vazifalar, yil yakuni bo‘yicha erishilgan yutuqlar va yechimini kutayotgan muammolar, shuningdek, kelgusi yil uchun rejalar va takliflar muhokama qilindi.


Shuningdek, bugungi globallashuv davrida imom-xatiblar nafaqat diniy, balki zamonaviy bilimlarni ham chuqur egallashi, mamlakatimizda olib borilayotgan barcha islohotlarning faol ishtirokchisi bo‘lishi lozimligi ham ta’kidlandi.
Qo‘mita raisi vodiy viloyatlari bo‘ylab safarida davlatimiz rahbarining farmoni asosida Bosh qomusimiz qabul qilinganining 28 yilligi munosabati bilan afv etilgan fuqarolar holidan xabar oldi. A.Ahmedov afv etilgan fuqarolarning jamiyatga moslashuvini ta’minlash, ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish maqsadida ular bilan muloqot qilib, ijtimoiy muammolari, kelgusidagi rejalari xususida fikr almashildi.

Darhaqiqat, jamiyatda tinchlik va totuvlikni, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, xato qilganga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, yiqilganga yelkadosh bo‘lish, xalqni rozi qilish har bir rahbar oldida turgan eng muhim vazifalardandir.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
axborot xizmati.
O‘zA