Isroil va “Hizbulloh” mojarosi
“Hizbulloh” yetakchisi Hasan Nasrulloh aytishicha, bu hafta Livan va Suriyada harakat a’zolariga peyjer va radio orqali qilingan hujumlar “barcha qizil chiziqlar”ni kesib o‘tdi.
Mulozim “Al-Jazeera” orqali ikki kun davom etgan va kamida 37 kishining hayotiga zomin bo‘lgan misli ko‘rilmagan hujumlardan keyin efirga uzatilgan ilk teleko‘rsatuvda voqeani “xavfsizlik va insoniylik nuqtai nazaridan kuchli zarba” deb atadi.
Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan guruh Isroilni ayblagan portlashlarda 2900 dan ko‘p odam jarohatlangan. Ulardan 287 nafari og‘ir ahvolda.
Avvalgi ko‘plab xurujlarda bo‘lgani kabi Isroil hali hodisa uchun javobgarlikni bo‘yniga olgani yoki ularga izoh bergani yo‘q.
Samolyotlar Livan uzra baland ovozda portlashlar sodir etgan. Nasrulloh seshanba va chorshanba kuni bir vaqtda sodir bo‘lgan fojiani “terror akti”, Livan xalqi va mamlakat suverenitetiga qarshi “urush e’lon qilish” belgisi, deb atadi. “Livan qarshilik harakati tarixida misli ko‘rilmagan”, hodisa ekanini ta’kidladi.
Yetakchi ta’kidlashicha, Hizbulloh “oqibat, qurbonlar va xurujlardan qat’i nazar” G‘azodagi falastinliklarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Qurilma shifoxona, bozor, uy va begunoh aholi manzillarida portlagan, dushman imkon qadar ko‘proq odamni o‘ldirish maqsadida “ataylab” 4 mingta peyjer va 1 mingta ratsiyadan foydalangan. Ba’zi hujumlar dorixona va savdo do‘konlari, hatto xonadonlar, shaxsiy transport vositalari va minglab oddiy odamlar, jumladan ayollar va bolalar bo‘lgan jamoat joylari, yo‘llarda sodir etilgan. Nasrulloh hujumlar qisman bartaraf etilgani qayd etib, chunki “juda ko‘p qurilma o‘chirilgan yoki foydalanilmayotgan edi” deya izoh bergan.
Voqea guruh qo‘mondonligi, nazorati va infratuzilmasiga ta’sir qilmagani ham qo‘shimcha qilingan:
– Sizni ishontirib aytamanki, bizning infratuzilmamiz buzilmagan.
Isroil Livan janubiga hujumlarini kuchaytirmoqda. Shuningdek, qurilmalar portlashidan keyin mintaqada vaziyat kengayib ketishidan qo‘rqib, o‘nlab havo hujumlarini uyushtirdi. Isroil harbiy samolyotlari payshanba kuni Jezzine hududidagi 3 ta shaharni o‘qqa tutdi. Bu haqda Livan Milliy axborot agentligi xabar bergan.
Livandagi ism-shariflari oshkor etilmagan uchta manbaning “Reuters” axborot agentligiga aytishicha, bu o‘tgan yilning oktyabr oyida boshlangan to‘qnashuvlardan beri eng kuchli bombardimonlardan biri bo‘ldi.
Isroil harbiylarining ma’lum qilishicha, mamlakat havo kuchlari 100 ga yaqin raketa uchiruvchi qurilmalari hamda boshqa infratuzilma obektlariga zarba bergan. Qurbonlar bor-yo‘qligi hozircha ma’lum emas.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3QsiFv8R-1U" title="Ukrainaning gʻalaba rejasi va Isroilning Livanga “yurishi”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>“Al Hadath” telekanalining aytishicha, Isroilning Bayrutga hujumi oqibatida “Hizbulloh” ning asosiy yetakchilaridan biri va harbiy amaliyotlar bo‘yicha qo‘mondoni Ibrohim Akil halok bo‘lgan. Akilning o‘limi hali rasman tasdiqlangani yo‘q.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, Ibrohim Akil 2024 yilning 30 iyulida Isroil havo hujumi natijasida Bayrutda halok bo‘lgan Fuad Shukrdan keyingi muhim shaxs hisoblangan.
Payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Isroil mudofaa vaziri "Hizbulloh" katta tovon to‘lashini ta’kidlagan. Isroil o‘zining Livan bilan chegarasi yaqinida transchegaraviy hujumlardan qochgan aholining qaytishi uchun xavfsiz sharoit yaratmoqchi. Mudofaa vaziri Gallantning aytishicha, Yahudiy davlati harbiy harakatlar ketma-ketligini davom ettiradi.
“Politico” nashrining yozishicha, Bayden ma’muriyati Isroil va Hizbulloh o‘rtasidagi jangovar harakatlar endi sezilarli darajada kengayib, keng ko‘lamli urushga aylanib ketishidan xavotirda. Vashingtonning hisob-kitoblariga ko‘ra, eskalatsiyaning oldini olish imkoniyati juda kam.
G‘azo rezolyutsiyasi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida Falastin tomonidan ilk bor taqdim etilgan va Isroildan 12 oy ichida ishg‘ol qilingan hududlardagi mavjudligini to‘xtatish talab qilingan rezolyutsiya mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilindi.
Falastinning BMTdagi doimiy vakolatxonasi joriy yilning may oyida BMT Bosh Assambleyasida ovoz berish yo‘li bilan qo‘shimcha huquqlarni olganidan keyin o‘zining birinchi rezolyutsiya loyihasini Bosh Assambleyaga taqdim etdi.
Rezolyutsiya “Isroilning bosib olingan Sharqiy Quddus va Falastinning qolgan hududlaridagi noqonuniy amaliyotlari” deb nomlangan favqulodda maxsus sessiyada ovozga qo‘yildi.
40 dan ortiq davlat tomonidan taqdim etilgan rezolyutsiya loyihasi, 124 ta yoqlab, 14 ta qarshi ovoz bilan qabul qilindi. 43 davlat ovoz berishda betaraf qoldi.
AQSH, Isroil, Chexiya, Argentina, Vengriya, Fiji, Malavi, Mikroneziya, Nauru, Palau, Papua-Yangi Gvineya, Paragvay, Tonga va Tuvalu qarshi ovoz berdi.
“Biz Isroildan bosib olingan Falastin hududlaridagi noqonuniy mavjudligini kechiktirmasdan to‘xtatishni va rezolyutsiya qabul qilingandan keyin 12 oy ichida buni amalga oshirishni talab qilamiz”, deyiladi qabul qilingan rezolyutsiya matnida.
Rezolyutsiya Isroildan Xalqaro Sud qarorlari asosida ishg‘olini to‘xtatish talabi bilan bir qatorda, barcha aholi yashash punktlaridan qo‘shinlarini olib chiqish ham talab qilinmoqda. Hujjatga ko‘ra, Isroil bosib olingan Falastin hududlariga yetkazgan zararni ham qoplashi kerak.
Shu munosabat bilan, rezolyutsiyada “barcha a’zo davlatlar xalqaro huquq bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga” chaqiriladi. Shuningdek, ulardan falastinliklarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini qo‘llab-quvvatlash, Isroil tomonidan yaratilgan noqonuniy vaziyatga toqat qilmaslik, unga yordam bermaslik va zarur sanksiyalarni qo‘llash so‘ralgan.
Rossiya-Ukraina nizosi
Ushbu hafta Ukraina Rossiyaning Tver viloyatiga havo hujumini uyushtirdi. Ukraina uchuvchisiz uchoqlari hujumi yirik yong‘inga sabab bo‘ldi. Bu haqda “BBC” xabar bergan.
Ukraina dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi Rossiya “Grad” raketalari va o‘q-doridan tashqari Toropesda KXDR raketalarini ham ishga solishga shay turganini yozgan edi.
Moskvadan 380 km shimoli-g‘arbda, Ukraina bilan chegaradan 470 km shimolda joylashgan Toropes shahri ma’muriyati aholini evakuatsiya qilishga shaylangan. Hududda 13 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.
RF Mudofaa vazirligi besh viloyat – Bryansk, Kursk, Oryol, Smolensk va Belgorod bo‘ylab bir kechada uyushtirilgan hujumda jami 54 ta dron yo‘q qilinganini ma’lum qildi.
“Sky News”ning yozishicha, Zelenskiy ittifoqchilariga “Ukrainaning g‘alabasi rejasi”ni taqdim etmoqchiligini ma’lum qildi.
“Turli “zarur qadamlar aniq belgilangan” va bu Kiyevga haqiqiy, adolatli tinchlik o‘rnatish uchun eng kuchli pozisiyani beradi”, - deb yozgan Zelenskiy.
Shuningdek, o‘ziga ishongan holda “bu rejaning imkonsiz joyi yo‘q, 90 foizdan ortig‘i allaqachon tuzilgan”, deya qo‘shimcha qilgan prezident.
– Keyingi hafta ittifoqchilarimizga “G‘alaba reja”mizni taqdim etamiz. Men Ukraina bilan birga bo‘lgan va yurtimizni himoya qilishga yordam berayotgan barchadan minnatdorman, – xulosa qilgan Zelenskiy.
Kiyevning ayrim ittifoqchilari Ukrainadagi ziddiyat qanday yakunlanishi mumkinligini muhokama qila boshladi. Bu haqda “Bloomberg” xabar bergan.
Agentlik manbalari so‘zlariga ko‘ra, Ukraina ittifoqchilari nizoni muzokara yo‘li bilan tugatish qanday kechishi mumkinligi va buning ehtimoliy yo‘llari haqidagi ssenariyni jiddiy muhokama qila boshlagan. Shu bilan birga muzokara bo‘yicha har qanday qarorni faqat Kiyev qabul qilishi va hech kim Zelenskiyga bosim o‘tkazmayotgani ta’kidlanmoqda.
Mojaro davom etayotgani va jang maydonida sezilarli o‘zgarish yo‘qligi sababli ba’zi G‘arb rasmiylari boshi berk ko‘chadan chiqish uchun diplomatiyadan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqa boshlagan.
Ayni payt bu sa’y-harakat G‘arb davlatlarida Kiyevni muddatidan oldin o‘t ochishni to‘xtatishga majbur qilishi mumkinligidan xavotir uyg‘otmoqda. Qaysi G‘arb davlatlari va Kiyevning qaysi ittifoqchilari ekani ko‘rsatilmagan.
Zelenskiy Baydenni Ukrainani NATOga taklif qilishga va “g‘alaba rejasi” doirasida zamonaviy qurol-yarog‘larni barqaror yetkazib berishga undamoqchi.
Sardorbek Poyonov, Yoqub Meliboyev, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA.