Ukrainalik sobiq amaldor Madridda otib ketildi
Ukrainaning sobiq prezidenti Viktor Yanukovichning yordamchisi bo‘lib ishlagan Andrey Portnov Ispaniya poytaxti Madrid yaqinidagi maktab oldida otib o‘ldirildi. Bu haqda “CNN” xabar bermoqda.
51 yoshli Portnov huquqshunos edi. U 2014 yilda Kiyevdagi demokratiya tarafdorlari ishtirokidagi qo‘zg‘olondan oldin Yanukovich ma’muriyatida yuqori mansab vakili bo‘lgan.
Madridning Summa favqulodda vaziyatlar xizmati vakilining aytishicha, sobiq ukrainalik siyosatchi uchta o‘q jarohati olgan va voqea joyiga birinchi tez yordam kelganidan ko‘p o‘tmay vafot etgan.
Portnovga nisbatan 2021 yilda korrupsiya va poraxo‘rlik uchun AQSH tomonidan sanksiya kiritilgan edi. AQSH Moliya vazirligiga ko‘ra, u “o‘z xizmat vakolatidan Ukraina sudlariga ta’sir o‘tkazish va islohotlarga putur yetkazganlikda” ayblangan.
Ukraina Prezidenti idorasi va Tashqi ishlar vazirligi Portnovning o‘limiga hozircha izoh berganicha yo‘q.
Musulmon Ziyo, O‘zA