Andijon qishloq xo‘jaligi institutida parrandachilikni rivojlantirish va aholi xonadonlarida parranda boqishni tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan Respublika seminari bo‘lib o‘tdi.
“Parrandasanoat” uyushmasi va viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sh. G‘aniyev, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi B. Norqobilov, “Parrandasanoat” uyushmasi raisi B.Isayev, tuman hokimlari, respublikamiz viloyatlaridan kelgan hamda xorijlik soha mutaxassislari, parrandachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi. Seminarda mamlakatimizda parrandachilikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar, samara va natijalar, mavjud muammolar hamda sohaning istiqbollari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda parrandachilikni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, qolaversa, hukumatimiz, Prezidentimizning soha rivojiga oid qator qarorlari qabul qilinganligi, bu mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilayotganligi ta’kidlandi.
– Parrandachilikni rivojlantirish orqali mamlakatimiz aholisini sifatli va arzon parranda go‘shti, tuxum bilan ta’minlash, qolaversa, ushbu mahsulotlar eksportini oshirishga erishishimiz lozim, – deydi “Parrandasanoat” uyushmasi raisi B. Isayev. – Yurtimizda parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha imkoniyatlar juda katta. Asosiysi, ana shu imkoniyatlardan unumli va samarali foydalangan holda yuqori natijalarga erishishdir.
Agar raqamlarga e’tibor qaratsak, O‘zbekistonda 2010 yilda 30 ming tonna parranda go‘shti yetishtirilgan bo‘lsa, 2019 yilga kelib bu ko‘rsatgich 220 ming tonnani tashkil etdi. 2010 yilda 3 milliard, 2019 yilda esa 7,8 milliard dona tuxum yetishtirilgan. 2010 yilda parranda go‘shti ishlab chiqarish aholi jon boshiga 0,8 kiloni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatgich 6,5 kiloga yetgan. Bundan tashqari, ushbu mahsulotlar eksport xajmi ham ortmoqda. Xususan, 2018 yilda 11 million AQSH dollari miqdoridagi tuxum, parranda go‘shti, bir kunlik naslli jo‘ja eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilning birinchi yarmida tuxum, parranda go‘shti, bir kunlik naslli jo‘ja eksporti xajmi 17,3 million AQSH dollariga yetgan. Bundan ko‘rinadiki, mamlakatimizda parrandachilik yildan-yilga rivojlanmoqda. Shunday bo‘lsada, hali bu sohada foydalanilmayotgan imkoniyatlar juda ko‘p.
Seminarda sohani rivojlantirish bo‘yicha ana shu foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga tushirish, parrandachilik korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, uslubiy, tashkiliy-texnik va axborot xizmatlarini ko‘rsatish, marketing tadqiqotlarini tashkil etish, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlarning yangi turlarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, ularning jahon bozorlariga kirib borishiga, mazkur korxonalarda ilg‘or ish uslublari, yangi texnologiyalarni joriy etishga, soha xodimlari, mutaxassislarining professional bilim va malakasini oshirishga ko‘maklashish borasidagi ishlar ko‘lami va sifatini oshirish lozimligi qayd etildi.
Seminarda mutaxassislar tomonidan “O‘zbekiston va jahon parrandachilik sohasining tarixi va hozirgi holati”, “Parranda krosslari (sanoat usulida va xonadon sharoitida boqilayotgan) va ularning xususiyatlari”, “Naslchilik xo‘jaliklarida parvarishlanayotgan naslli parrandalar va ularning mahsuldorlik ko‘rsatkichlarini oshirish”, “Parrandachilik bo‘yicha jahon va Ukraina tajribasi”, “Parranda kasalliklari va ularning oldini olish choralari”, “Parrandalarni sanoat usulida va uy sharoitida parvarishlash mexanizimi” singari qator mavzularda ma’ruzalar o‘qildi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar, shuningdek, sohani rivojlantirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar sifati va samaradorligini oshish, mavjud muammolarni hal etish, parrandachilik mahsulotlari va parrandalar uchun ozuqa ishlab chiqarish, ozuqani eksport qilish, parrandachilik yo‘nalishidagi loyihalarga kreditlar ajratilishi, xonadonlarda parranda boqish imkoniyatlarini kengaytirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
– Parranda mahsulotlari yetishtirish va eksportini oshirishda mamlakatingizda juda katta imkoniyat va resurslar mavjud, – deydi ukrainalik mutaxassis Aleksandr Leshenko. – Ukraina parrandachilik, ayniqsa, parranda mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha jahondagi yetakchi davlatlardan biri hisoblanadi. Sohani rivojlantirish bo‘yicha ilg‘or tajriba va texnologiyalar shakllangan. Soha mutaxassislarining o‘zaro tajriba almashish borasidagi hamkorligi ishonamanki, har ikki tomon uchun foydali bo‘ladi.
Seminarda “Parrandasanoat” uyushmasi, viloyat hokimligi tomonidan parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha bir qator loyihalar taqdimoti ham o‘tkazildi.
– Bugun yurtimizda tuxum yetishtirishda asosan “lomman” (Germaniya), “xay-layn” (AQSH), “dekalb” (Niderlandiya), “novogen” (Fransiya) naslli tovuqlar boqilmoqda, – deydi “Parrandasanoat” uyushmasi raisi o‘rinbosari P.Rahmatullayev. – Ushbu nasldagi yosh parrandalarni saqlanishi 99-99,5 foizni, ona tovuqlar saqlanishi 94-95 foizni tashkil etadi, mahsuldorligi 96 foizgacha boradi. Ya’ni tovuqlari uy sharoitida bir yilda 250 donagacha, sanoat parrandachiligida 300-320 donagacha tuxum berishi mumkin. O‘zbekistonda go‘sht (broyler) yetishtirish yo‘nalishida esa asosan, “ross” (Buyuk Britaniya) “koob” (AQSH) naslli parrandalar boqilmoqda. Parrandachilik sanoatida broyler jo‘jalarining 38-42 kunlik tirik vazni 2,4-2,7 kiloni tashkil etadi.
Seminar ishtirokchilari Asaka tumani Niyozbotir mahallasidagi aholi xonadonlarida parranda boqish tajribasi, shuningdek, Asaka tumanidagi “Baraka hamkor parranda” xususiy korxonasi, Ulug‘nor tumanidagi “Andijon broyler” mas’uliyati cheklangan jamiyatida olib borilayotgan ishlar bilan tanishishdi.
Karantin qoidalariga amal qilingan holda o‘tkazilgan mazkur seminar parrandachilikni rivojlantirish, ilg‘or ish tajribalarini ommalashtirish, soha mutaxassislarining bilim va malakasini oshirishga muhim ahamiyat kasb etadi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA