Yevropa Komissiyasi O‘rta yer dengizi mintaqasiga 42 milliard yevro ajratishni rejalashtirmoqda. Bu mablag‘ning bir qismi Yevropa Ittifoqida migratsiya siyosatini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Shuningdek, tuzilma qo‘shni davlatlarni rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash uchun 200 milliard yevro ynaltiradi. Bu miqdor YeI byudjetidagi “tashqi xarajat” bandida belgilangan. Mazkur moliyaviy reja 2028-2034 yillarni qamrab oladi. YeI xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yuzef Sikela mavzu yuzasidan quyidagi mazmunda bayonot berdi:
– Biz iqlim beqarorligi, global migratsiya bosimi, xom ashyo uchun raqobat kuchayishi, global ta’sir kabi kuchayib borayotgan muammolar davriga yaqinlashyapmiz.
Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen jamoatchilikka taqdim etgan YeI umumiy byudjeti rejasi qariyb ikki trillion yevro qiymatga teng.
Bryussel gumanitar yordamga 25 milliard, Ittifoq kengayishi va qo‘shnichilik siyosati uchun 42,6 milliard yevro taklif qilmoqda. Oldingi yillarga nisbatan 37 foiz oshirilgan moliya miqdori a’zo mamlakatlarda islohotni jadallashtirishga yordam berishi kutilyapti.
YeI tarkibi masalasida Komissar Marta Kos shunday deydi:
– Chernogoriya, Albaniya, Moldova va Ukrainani YeIga qo‘shish bo‘yicha muzokara jarayoni juda tez kechyapti. Avvallari bunday holat kuzatilmagan. Kimki Yevropa vaqt o‘tishi bilan qo‘llab-quvvatlashni susaytiradi, deb o‘ylasa, adashadi. Ukrainani isloh qilish va qayta tiklash uchun 100 milliard yevrolik alohida manba shakllantiriladi. Biz noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashda uchinchi davlatlar bilan hamkorlikni ham kuchaytiramiz.
Yevrokomissiyasi rasmiylari aytishicha, noqonuniy savdo va migratsiyaga qarshi samarali kurashish maqsadida xavfsizlikka hamda chegara muhofazasiga ko‘proq sarmoya kiritiladi. Shu bilan birga qonuniy migratsiyani rivojlantirish niyati ham bor. Masalan, 2024 yilga mo‘ljallangan “Migratsiya va boshpana to‘g‘risidagi pakt” doirasida YeI Misr, Tunis va Marokash kabi davlatlar bilan “qulay hamkorlik” dasturini yo‘lga qo‘ymoqchi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/qUJUTsMRuBg?si=7ksOPg1ib_XIMdqM" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>K.Bekjonov, O‘zA